Zamonaviy shifokorlik punktlari ish boshladi
Aholi salomatligini muhofaza qilish, sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatni har bir xonadonga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida nafaqat poytaxtda, balki eng chekka hududlardagi tibbiyot muassasalari ham tubdan yangilanib, aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Ana shunday ezgu ishlar davomi sifatida Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami arafasida Mirzaobod tumanidagi “Yoshlar” hamda U. Yusupov oilaviy shifokorlik punktlari mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026–2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida amalga oshirildi. Unga muvofiq har ikki tibbiyot muassasasini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlariga 2 milliard so‘mdan, jami 4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.


Qurilish-ta’mirlash ishlarini “Guliston Qo'rg'on Baraka Qurilish Montaj” hamda “Aziz Temur Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari quruvchilari belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirishdi.
Tantanali ochilish marosimida Mirzaobod tumani hokimi Abdurahim Umarov, sog‘liqni saqlash sohasi mutasaddilari, nuroniylar, tibbiyot xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar alohida e’tirof etildi.


Yangilangan oilaviy shifokorlik punktlari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Bu yerda shifokorlar qabul xonalari, klinik laboratoriya, onalar va bolalar salomatligi bo‘limlari, emlash kabineti hamda tez tibbiy yordam xizmati uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Shuningdek, fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida elektron navbat tizimi joriy qilinib, tibbiy xizmatlarni tezkor, shaffof va sifatli tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.


Yaratilgan imkoniyatlar, eng avvalo, aholiga birlamchi tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish, kasalliklarni erta aniqlash, profilaktik ko‘riklar sifatini oshirish, shuningdek, onalar va bolalar salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
— Mazkur muassasalarning yangilanishi nafaqat tibbiyot xodimlari, balki minglab aholi uchun ham Mustaqillik bayrami arafasidagi munosib tuhfa bo‘ldi. Ilgari oilaviy shifokorlik punktlarining moddiy-texnik bazasi talab darajasida emasligi va binolarning eskirgani tibbiy xizmat sifatiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatar edi. Bugun esa bu muammolarga amaliy yechim topildi. Zamonaviy sharoit, yangi tibbiy uskunalar va qulay muhit shifokorlarimizga yanada samarali mehnat qilish, aholiga esa sifatli, tezkor va qulay tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini yaratdi, — deydi Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar O‘rolov.


Ochilish marosimida so‘zga chiqqan nuroniylar va mahalla faollari ham mamlakatimizda inson salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholab, bunday loyihalar aholi farovonligi, sog‘lom turmush tarzi va hayot sifatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.


Yangilangan mazkur tibbiyot muassasalari endilikda Mirzaobod aholisiga yanada sifatli, tezkor va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Eng muhimi, inson salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan bunday ezgu ishlar Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri