“Vijdon do‘koni”
Maktabdagi oddiy bir do‘kon. Peshtaxtada daftar, ruchka, qalam va boshqa o‘quv qurollari. Har birining narxi aniq ko‘rsatilgan. Ammo bu do‘konda sotuvchi yo‘q. Kassir ham, nazoratchi ham yo‘q.
Bu do‘konda o‘quvchi o‘ziga kerakli mahsulotni oladi. Narxiga qaraydi va belgilangan mablag‘ni maxsus qutiga tashlaydi. Uning yonida “Pulini to‘ladingmi?” deb so‘raydigan odam yo‘q.
Chunki bu yerda insonni inson emas, vijdon nazorat qiladi.
Ba’zan katta tarbiyaviy g‘oyalar juda oddiy tashabbuslardan boshlanadi. Navoiy viloyati Nurota tumanining olis hududlaridan birida joylashgan 32-umumta’lim maktabida tarbiya fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelayotgan Feruz Qurolboyevning “Vijdon do‘koni” loyihasi ana shunday oddiy, ammo chuqur ma’noga ega tashabbuslardan biri. Bu loyiha bolalarga halollikni nasihat bilan emas, hayotning o‘zi orqali o‘rgatishga qaratilgan.
Bola har safar do‘konga kirganida oldida tanlov paydo bo‘ladi: u hech kim ko‘rmayotgan bo‘lsa ham haqini to‘laydimi yoki yo‘qmi? Uning harakatini hech kim kuzatmayotgan bo‘lsa, baribir to‘g‘ri yo‘lni tanlaydimi?
Mana shu lahzada tarbiyaning eng muhim shakli – insonning o‘zini o‘zi nazorat qilishida namoyon bo‘ladi.
Chunki bolaga “halol bo‘l” deb aytish oson. Lekin unga hech kim ko‘rmayotgan vaziyatda halol bo‘lish imkoniyatini berish, unga ishonish va to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun sharoit yaratish haqiqiy tarbiyadir.
“Vijdon do‘koni”ning qimmati ham shunda.
Bu yerda o‘quvchiga tayyor qoidani majburan singdirish emas, uning qalbida ichki mas’uliyatni shakllantirishga e’tibor qaratilmoqda. Ustoz bolaga “Seni kuzatib turibman” demaydi. Aksincha, “Men senga ishonaman”, degan munosabatni namoyon etadi.
Ishonch esa bola tarbiyasida juda katta kuchga ega.
Kun yakunida do‘kondan olingan mahsulotlar va maxsus qutiga tushgan mablag‘lar o‘zaro solishtiriladi. Bu jarayon orqali o‘quvchilarning halolligi amalda sinovdan o‘tadi. Ammo bu sinovning eng muhim natijasi pulda emas. Eng katta natija – bolaning o‘z vijdoni oldida javob berishni o‘rganishida.
Zero, bugun bir dona ruchka uchun haq to‘lashdan boshlangan odat ertaga katta mas’uliyat oldida to‘g‘ri qaror qabul qilishga zamin yaratishi mumkin. Bugun hech kim ko‘rmayotganda qilingan halol tanlov ertaga jamiyat, kasb, oila va Vatan oldidagi burchni bajarishda namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, “Vijdon do‘koni” oddiy do‘kon emas. U bolalar uchun hayot maktabi.
Bu yerda savdo-sotiqdan ko‘ra ko‘proq narsa o‘rgatiladi: ishonch, mas’uliyat, vijdon, o‘zini o‘zi nazorat qilish va eng muhimi to‘g‘ri tanlov qilish.
– Maktabning vazifasi ham faqat o‘quvchiga bilim berish bilan cheklanmaydi, – deydi ustoz. – Maktabda uning dunyoqarashi, munosabati, hayotga qarashi, odamlarga bo‘lgan ishonchi va insoniy fazilatlari shakllanadi. Bilimli, ammo vijdonsiz inson jamiyat uchun to‘liq manfaat keltira olmaydi. Shuning uchun ta’lim bilan tarbiyani bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.
Feruz Qurolboyevning tashabbusi esa shu haqiqatni amalda namoyon etmoqda.
Eng e’tiborlisi, tashabbus Nurotaning olis hududidagi oddiy maktabda boshlangan. Ammo uning g‘oyasi hudud bilan cheklanib qolmaydi. Agar shunday yondashuvlar turli ta’lim muassasalarida ommalashsa, bolalarda halollikni faqat so‘z bilan emas, hayotiy tajriba orqali shakllantirish uchun yana bir muhim imkoniyat paydo bo‘ladi.
Chunki jamiyatda halollik muhiti bir kunda paydo bo‘lmaydi. U oiladagi tarbiyadan, maktabdagi oddiy odatlardan, ustozning munosabatidan, bolaga bildirilgan ishonchdan boshlanadi.
Balki ertaga shu “do‘kon”dan chiqqan o‘quvchilar orasida shifokor, muhandis, tadbirkor, huquqshunos, olim yoki rahbar bo‘lar. Ular katta lavozimlarga erishganida ham bugungi kichik saboqda “hech kim ko‘rmayotganda ham halol bo‘lish kerak”, degan tushuncha ularga hamroh bo‘lishi mumkin.
Shunda bugungi kichik do‘konning haqiqiy samarasi namoyon bo‘ladi.
Axir, insonning kimligi ko‘pincha uni hech kim kuzatmayotgan paytdagi tanlovidan bilinadi. Ishonch bildirilgan bola esa o‘zini qadrli his qiladi. Uning tanloviga mas’uliyat yuklatiladi. Shu tariqa “menga ishonishyapti”, degan tuyg‘u “men ham ishonchni oqlashim kerak”, degan ichki ehtiyojga aylanadi.
“Vijdon do‘koni” esa bolalarga ana shu haqiqatni hayotning o‘zi orqali o‘rgatmoqda: halollik – nazorat borligi uchun to‘g‘ri ish qilish emas. Halollik hech kim ko‘rmayotgan paytda ham to‘g‘ri yo‘lni tanlay olishdir.
Ana shunday tashabbuskor o‘qituvchi yaqinda bo‘lib o‘tgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 616 million so‘m mablag‘iga ega bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri