O‘zbekiston startaplar, sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmaga e’tibor qaratmoqda
Toshkentda «Startaplar mamlakati» shiori ostida ICT WEEK Uzbekistan 2026 haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir doirasida inson kapitalini rivojlantirish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash va mamlakat raqamli infratuzilmasini yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etilmoqda.
Toshkentda ICT WEEK Uzbekistan 2026 haftaligining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi tadbir «Startaplar mamlakati» shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Tadbirning ochilish qismida O‘zbekistonda startap ekotizimining rivojlanishi, yoshlarning innovatsion faolligi va raqamli texnologiyalar sohasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlarga bag‘ishlangan videotaqdimot namoyish etildi.
Marosimda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, mamlakat taraqqiyotida inson kapitali muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, IT va sun’iy intellekt sohalarida ta’limni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda «Bir million dasturchi» (One Million Coders) va «Sun’iy intellekt sohasida besh million lider» (Five Million AI Leaders) kabi tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Ular orqali yoshlarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda kelajak kasblariga tayyorlash ko‘zda tutilgan.
50 dan ortiq startap asoschilari bir makonda

ICT WEEK Uzbekistan 2026 ochilish marosimining e’tiborga molik jihatlaridan biri — 50 dan ortiq o‘zbek startaplari asoschilarining sahnaga taklif etilgani bo‘ldi.
Sherzod Shermatov xalqaro investorlarni O‘zbekistondagi yosh texnologik kompaniyalarning rivojlanish jarayonida, ayniqsa, ularning dastlabki bosqichlaridanoq ishtirok etishga chaqirdi.
«Ushbu startaplar kelajakda “yunikorn” kompaniyalarga aylanishi ehtimoli yuqori. Ularga erta bosqichda investitsiya kiritish orqali kelajak “yunikorn”larining investoriga aylanishingiz mumkin», — dedi vazir.
Shuningdek, tadbir doirasida Startup Base yangi platformasining rasmiy taqdimoti va ishga tushirilishi marosimi o‘tkazildi. Platforma Sherzod Shermatov hamda startap ekotizimi vakillari tomonidan ramziy tugmani birgalikda bosish orqali faollashtirildi.
ICT EXPO: raqamli texnologiyalar maydonida xalqaro hamkorlik

ICT WEEK Uzbekistan 2026 ochilishi doirasida raqamli texnologiyalar vaziri xorijiy delegatsiyalar vakillari, kompaniya rahbarlari hamda faxriy mehmonlar bilan birgalikda ICT EXPO ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.
Central Asian Expo Uzbekistan (CAEx) majmuasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi mahalliy va xorijiy ishlanmalar, innovatsion yechimlar hamda zamonaviy texnologiyalar namoyish etilmoqda.
Uztelecom va Amazon Leo: chekka hududlarda internet imkoniyatlari kengaymoqda

ICT WEEK Uzbekistan 2026ning birinchi kunidagi muhim voqealardan yana biri — Uztelecom, uning «UZ-SAT» korxonasi hamda Amazon Leo o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolangani bo‘ldi.
Kelishuvga muvofiq, Uztelecom va UZ-SAT O‘zbekistonda Amazon Leo xizmatlarining vakolatli distribyutorlari sifatida faoliyat yuritadi.
Amazon Leo — Amazon kompaniyasining past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar tizimi bo‘lib, an’anaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish qiyin bo‘lgan hududlarda yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini taqdim etishga mo‘ljallangan.
Yangi yechimlar mavjud yer usti tarmoqlarini to‘ldirib, chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi hamda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun zamonaviy aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yuqori tezlikdagi internet aholi uchun davlat elektron xizmatlaridan foydalanish, masofaviy ta’lim, onlayn tibbiy maslahatlar, masofadan ishlash va muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Uztelecom ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya hozirda mamlakatdagi aholi punktlarining 96 foizini aloqa bilan ta’minlamoqda. Kompaniya foydalanayotgan optik-tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi esa 378 802 kilometrni tashkil etadi.

Kelishuv doirasida UZ-SAT Amazon Leo tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekiston bo‘ylab mijozlarni ulash va ular uchun aloqa yechimlarini ishlab chiqish hamda taqdim etish bilan shug‘ullanadi.
UZ-SAT bosh direktori Bahrom Azimovning ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa xizmatlari an’anaviy infratuzilma imkoniyatlari cheklangan hududlarda internet qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Amazon Leo vakillari ham mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik sputnik texnologiyalarini joriy etish va yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Startup & Venture Summit: startaplar va investorlar muloqot maydonida

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida Startup & Venture Summit ham o‘tkazilmoqda. Sammit startap asoschilari, investorlar, venchur fondlar, akseleratorlar, yirik kompaniyalar hamda davlat tashkilotlari vakillarini bir maydonga jamladi.
Tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etib, O‘zbekistonda startaplar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, venchur hamkorlarni va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, shuningdek, startap ekotizimini xalqaro maydon bilan integratsiya qilish masalalariga to‘xtaldi.
Sammit doirasida texnologik tadbirkorlikni O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda rivojlantirish, mahalliy startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, investitsiya jalb qilish hamda milliy loyihalarni global venchur ekotizimiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilinmoqda.
Umuman, ICT WEEK Uzbekistan 2026 davlat tashkilotlari, texnologik kompaniyalar, startaplar, investorlar va xalqaro hamkorlarni birlashtirib, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muloqot uchun yirik maydon vazifasini bajarmoqda.
N.Usmonova, O‘zA