Surxondaryolik yoshlar “Besh tashabbus paralimpiadasi”da bellashdi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni sportga keng jalb etish, paralimpiya sport turlarini yanada ommalashtirish, havaskor parasportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida mahallalarda istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasida sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Surxondaryo viloyati sport boshqarmasi, Paralimpiya federatsiyasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada sport turlari bo‘yicha tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 400 nafar o‘g‘il-qiz o‘zaro bahslashdi.
Musobaqalarda 18 yosh va undan katta bo‘lgan imkoniyati cheklangan yoshlar para yengil atletika, para badminton, para stol tennisi, para armrestling, para shaxmat, para shashka kabi sportning 13 turi bo‘yicha o‘z kuchi, iqtidori va salohiyatini namoyon etdi.
— Yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda o‘tgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqalari nogironligi bo‘lgan yoshlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish, sport bilan shug‘ullanish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilmoqda, - deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Tag‘oyev. — Qolaversa, paralimpiya sport turlarining keng ommalashishi va rivojlanishi milliy paralimpiya jamoamiz uchun zaxira sportchilar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
paralimpiada
Joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan mazkur musobaqaning tuman va shahar bosqichlarida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 9 ming 78 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan yosh ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 26 nafar ishtirokchi g‘olib deb topilib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA