Velotrek bo‘yicha O‘zbekiston kubogi qizg‘in davom etmoqda
Namangan shahridagi velotrek majmuasida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi davom etmoqda. Musobaqaning ikkinchi kungi dasturida jamoaviy va chiqarib yuborish poygalari tashkil etildi.
Erkaklar o‘rtasida jamoaviy poygada g‘oliblar 4 km. masofada aniqlandi. Unda Artyom Talizenkov, Muhammad Salimov, Vladislav Troman, Davirjon Abdurahmonovdan iborat Surxondaryo jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ushbu masofadagi ayollar bahsida Toshkent viloyati jamoasi o‘z tarkibidagi Mohinabonu Elmurodova, Shahnoza Abdullayeva, Roksana Hikmatova, Olga Leyb kabi velosportchilarni jamlagan holda birinchi pog‘onadan joy oldi.

Erkaklar o‘rtasida chiqarib yuborish guruh poygasida Daniil Fyodorov, Vladislav Troman va Alimardon Jamoldinov g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, Nafosat Qo‘ziyeva, Samira Ismoilova hamda Asal Rizayeva ayollar orasida sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Bugun, 22 oktyabr kuni 3 aylanadan iborat jamoaviy sprint va medison guruh-juftlik poygalari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA