Vazir va yoshlar uchrashuvi
Olimpiya shaharchasida joylashgan Sport vazirligi binosida "Payshanba – yoshlar kuni" doirasida sport vaziri Adham Ikramov ishtirokida yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda yoshlarning har bir murojaat va takliflari atroflicha o‘rganildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining tegishli bayoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromovga Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 27 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 49 nafar ishsiz yoshlar biriktirilgan bo‘lib, vazir boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan har bir yoshning ijtimoiy holati va bandlik masalalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.


Xususan, ishlash istagida bo‘lgan 21 nafar yoshning bandligini ta’minlash, norasmiy ishlayotgan yoshlar faoliyatini legallashtirish hamda ularning tadbirkorlik va sport sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Uchrashuvdan so‘ng, uchrashuv ishtirokchilari Olimpiya shaharchasining zamonaviy sport infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, majmualarda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
G.Boboyeva, O‘zA