Qo‘l jangi musobaqasi Mustaqillik bayramiga bag‘ishlandi
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Milliy gvardiyasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Qo‘qon shahri hokimligi, Qo‘l jangi federatsiyasi hamda “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamkorligida o‘tkazildi.

Musobaqa 700 nafarga yaqin sportchini bir maydonga birlashtirdi. Unda nafaqat havaskorlar, balki respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etgan tajribali sportchilar ham kuch sinashdi. Bu esa yosh ishtirokchilar uchun o‘z mahoratlarini oshirish, kuchli raqiblar bilan bellashish va tajriba orttirish imkonini berdi.

— Mazkur musobaqada sportchilarimiz o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi va irodasini namoyon etdi. Ayniqsa, yoshlarning qo‘l jangiga qiziqishi ortib borayotgani quvonarli. Bunday musobaqalar ularga nafaqat o‘z kuchini sinab ko‘rish, balki tajribali sportchilardan o‘rnak olish imkonini ham beradi. Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan bu bellashuv yoshlarimiz uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Ishonamizki, ular orasidan kelajakda respublika va xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan chempionlar yetishib chiqadi, – deydi murabbiy Otabek Shokirov.
Bellashuvlarda Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari, Quva, Rishton, Bag‘dod, Beshariq, Furqat, O‘zbekiston hamda Farg‘ona tumanlaridan kelgan sportchilar ishtirok etdi. Har bir bahsda kuch, tezlik va aniq harakatlar uyg‘unligi namoyon bo‘ldi. Sportchilarning har bir zarbasi, har bir harakati muxlislar olqishi bilan qarshi olindi.
Ayniqsa, 18–23 yosh toifasida bahs olib borgan Sardor Mansurov, Jahongir G‘ulomov, Zohid Soyibjonov, qizlar o‘rtasida Rayhona Hakimova, Shohsanam Mansurova va Gulsim Muhammadjonovaning faol ishtiroki e’tiborga tushdi. Ular munosib jang olib borib, g‘oliblik shohsupasidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qo‘l jangi sport turini ommalashtirish, uni rivojlantirish va yoshlar o‘rtasida targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shayotgan faollar ham maxsus mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA