Vazir: “Har bir murojaat e’tibor markazida”
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga tashrif buyurib, yangi o‘quv yili uchun qabul shtabi faoliyati hamda 2026-2027 o‘quv yilida Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish va kirish imtihonlarini tashkil etish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Agentlik direktori Sevara Shokirova vazirga qabul jarayonlari, imtihonlarni tashkil etish mexanizmlari va amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, vazir “Murojaatlar markazi (Call-markaz)” faoliyatini alohida e’tibor bilan o‘rgandi. Markazga aholidan kelib tushayotgan asosiy murojaatlar, hujjatlar qabuli bo‘yicha arizalar tahlili hamda fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan taqdimot qilindi.
E’zoza Karimova tomonidan aholidan kelib tushgan savol va takliflarni joylarda tezkor hal etish, murojaatlar bilan samarali ishlash hamda qabul jarayonlarini yanada soddalashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Qayd etilishicha, tashrifning asosiy maqsadi — fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, qabul jarayonlarida qulaylik yaratish va ta’lim sifatini yanada yuksaltirishdan iborat.

– Har bir murojaat — e’tibor markazida, – deydi vazir. – Fuqarolarimizning qabul jarayonlari bilan bog‘liq barcha savollariga tezkor va sifatli javob berish — bizning ustuvor vazifamiz.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA