Vazir fermerlar bilan yangi mavsum rejalarini muhokama qildi
Qişloq xöjaligida kelgusi mavsum muvaffaqiyati bugungi tayyorgarlikka boğliq. Yerni öz vaqtida tayyorlaş, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etiş va bozor talablarini hisobga oliş esa yuqori hosildorlikning muhim omillaridir. Qişloq xöjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Sirdaryo viloyatiga işçi safari davomida Boyovut tumanidagi AKIS markazida viloyat fermerlari iştirokida amaliy seminar ötkazildi. Unda kuz-qiş mavsumida bajarilişi lozim bölgan agrotexnik tadbirlar, yer maydonlarini yangi mavsumga tayyorlaş hamda qişloq xöjaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalaniş masalalari atrofliça muhokama qilindi.
Dastlab dalalarni polietilen plyonka qoldiqlari va tomçilatib suğoriş şlanglaridan tozalaş, yerlarni tekislaş, ariqlar va dala çegaralarini tartibga keltiriş, begona ötlarni yöqotiş kabi vazifalarga eʼtibor qaratildi. Şuningdek, yöl yoqalari va dala atroflarida plastik çiqindilarni yiğiş uçun maxsus qutilar örnatiş taklif etildi. Bu borada har bir fermer xöjaligi öz imkoniyatidan kelib çiqib taşabbus körsatişi zarurligi taʼkidlandi.

Seminarda qişloq xöjaligi çiqindilaridan qayta foydalaniş masalasi ham körib çiqildi. Xususan, «Bizpando» kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda ğözapoyadan bioçar (biokömir) işlab çiqariş işlari boşlangani maʼlum qilindi. Mazkur texnologiya paxta yiğim-terimidan keyin dalalarda qoladigan ğözapoyani qayta işlaş, undan foydali mahsulot oliş va tuproq unumdorligini oşiriş imkonini beradi.
Paxtaçilikda qöllanilayotgan yangi texnologiyalar, jumladan, Şinjon texnologiyasi asosida rangli plyonkalardan foydalaniş tajribasi ham muhokama qilindi. Joriy yilda sinovdan ötkazilgan kök rangli plyonka mahalliy iqlim şaroitiga mos kelişi va paxtaning odatdagidan 15 kun oldin pişib yetilişiga imkon bergani qayd etildi. Şu bois kelgusi mavsumda uşbu tajribani kengaytiriş tavsiya qilindi.
Ekinlarni yetiştirişda mulçalaş usulini keng joriy etiş, paxtaçilikda uruğçilik işlarini töğri taşkil qiliş, saralangan va sifatli uruğlik çigitdan foydalaniş masalalariga ham alohida urğu berildi. Zero, uruğlik sifati kelgusi hosildorlikka bevosita taʼsir körsatadigan muhim omillardan biridir.
Şuningdek, 2027-yildan boşlab paxta yetiştirişda tomçilatib suğoriş texnologiyasiga töliq ötiş ustuvor vazifa sifatida belgilanayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonda fermerlarning moddiy manfaatdorligini oşiriş, zarur şart-şaroitlar va moliyaviy yengilliklar yaratiş, mavjud muammolarni esa masʼul rahbarlar iştirokida joyida hal etiş muhimligi qayd etildi.

Ğalla maydonlari va boğlarni qişki mavsumga tayyorlaş masalalari ham batafsil körib çiqildi. Jumladan, ğalla ekinlariga bor, kremniy va aspirin asosidagi eritmalar bilan OVX apparati yordamida işlov beriş tavsiya etildi. Bunday agrotexnik tadbirlar ekinlarning qişki tinim davrini soğlom ötkazişi va kelgusi mavsumda möl hosil şakllanişiga kömaklaşişi taʼkidlandi.

Fermerlar bilan muloqotda ekin maydonlarini joylaştirişda bozor konʼyunkturasini hisobga oliş zarurligi ham alohida muhokama qilindi. Paxta va ğalladan taşqari yetiştiriladigan mahsulotlar hajmi içki va taşqi bozor ehtiyojlaridan kelib çiqib rejalaştirilişi lozim. Aks holda, muayyan mahsulotning bir hududda haddan taşqari köp yetiştirilişi taklifning talabdan oşib ketişi va narxlarning pasayişiga sabab bölişi mumkin.
Yangi daromad manbalarini yaratiş maqsadida vertikal usulda mahsulot yetiştiriş imkoniyatlari ham körib çiqildi. Uşbu texnologiyadan şahar şaroitida, hatto xonadonlarda ham foydalaniş mumkin. Fermer xöjaliklarida esa dala boşlari va mavjud maydonlardan oqilona foydalanib, qöşimça mahsulot yetiştiriş orqali daromadni oşiriş mumkinligi qayd etildi.

Baliqçilik va şoliçilikni uyğunlaştirib rivojlantiriş, jumladan, suv havzalarida bir vaqtning özida şoli va baliq yetiştiriş texnologiyasi ham iştirokçilar eʼtiboriga havola etildi. Bunday yondaşuv suv va yer resurslaridan samarali foydalaniş, ikki xil mahsulot yetiştiriş hamda fermerlar daromadini köpaytiriş uçun qöşimça imkoniyat yaratadi.
Seminar yakunida fermerlarga agrotexnik tadbirlarni öz vaqtida va sifatli bajariş, yer-suv resurslaridan oqilona foydalaniş, işlab çiqarişni bozor talablariga moslaştiriş hamda kelgusi mavsumga puxta tayyorgarlik köriş böyiça tavsiyalar berildi.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri