Vatanparvar yoshlar forumi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt taqdiri uchun mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Vatan tayanchi” harakati a’zolarining harbiy-vatanparvarlik forumi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasida tashkil etilgan tadbirda Mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari hamda “Vatan tayanchi” harakati a’zolari ishtirok etishdi.

Forumda yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini yanada yuksaltirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, Vatan himoyachilariga munosib izdoshlarni tarbiyalash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, ularda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish hamda harbiy xizmatga qiziqishni oshirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Forum yakunida “Vatan tayanchi” otryadining faol va namunali a’zolari munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, ularga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.


— Ushbu forum menda juda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida harbiy xizmatning naqadar sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, Vatan tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda yoshlarning o‘rni beqiyosligi haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ayniqsa, soha mutaxassislari bilan bo‘lgan muloqotlar kelgusida o‘z oldimizga aniq maqsadlar qo‘yishimizga turtki berdi. Bunday uchrashuvlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada mustahkamlab, Vatan oldidagi burchini chuqurroq anglashga yordam beradi. Men ham yurtimiz ravnaqi va tinchligi yo‘lida munosib xizmat qilishga, bilim va salohiyatimni doimiy oshirib borishga intilaman, — deydi “Vatan tayanchi” harakati a’zosi, gulistonlik Faxriddin Nazarov.


Bir so‘z bilan aytganda, Sirdaryoda o‘tkazilgan mazkur harbiy-vatanparvarlik forumi yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Forum nafaqat bilim va tajriba almashish, balki kelajakda mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan vatanparvar yoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA