227 nafar bitiruvchining 194 nafari talabalikni deyarli naqd qildi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti akademik litseyini 2025-2026 o‘quv yilida tamomlayotgan 227 nafar bitiruvchining 194 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish arafasida turibdi.
Akademik litseyda “Bugungi litsey bitiruvchisi – ertaga Yangi O‘zbekiston bunyodkori!” shiori ostida o‘tkazilgan diplom topshirish marosimida Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ular bitiruvchilarni tabriklab, mustaqil hayot yo‘lida muvaffaqiyat tiladi.

Yakuniga yetgan o‘quv yilida litsey yoshlari 453 ta milliy va xalqaro darajadagi fan, til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, bitiruvchilarning 50 nafari bir yo‘la 5 ta fandan sertifikat sohibiga aylandi. Bitiruvchilarning 11 nafari litseyni oltin va 3 nafari kumush medal bilan, 46 nafari a’lo darajali diplom bilan tamomladi. Tabiiy fanlar yo‘nalishi o‘quvchisi Asilbek Muratov biologiya fanidan viloyat olimpiadasida 3-o‘rinni egallab, Respublika bosqichida faol ishtirok etdi.

Bugungi kunda akademik litseyda 60 nafar malakali pedagog yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ulardan 11 nafari Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilari hisoblanadi. Pedagoglarning 43 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lsa, xorijiy til o‘qituvchilarining barchasi (10 nafari) S1 darajadagi milliy sertifikat sohiblaridir.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri