Vashingtondan Samarqandga: AQSH bilan hamkorlik O‘zbekistonga nima beradi?
So‘nggi yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil mustahkamlanib bormoqda. Samarqandda o‘tgan “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi, unda AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikda yangi yo‘nalishlarga yo‘l ochadi.
Bu haqda Pensilvaniya davlat universiteti Huquqshunoslik yo‘nalishi magistr bitiruvchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi Erkaboy Usmonaliyev munosabat bildirdi:
— AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda. 19-oktabr kuni Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvlar savdo, investitsiyalar, energetika, strategik foydali qazilmalar, texnologiyalar va mintaqaviy xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Mazkur uchrashuvlarning ahamiyati faqat ikki tomonlama munosabatlar bilan cheklanmaydi. Ular AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan iqtisodiy va diplomatik yondashuvi kuchayayotganini, O‘zbekiston esa xalqaro hamkorlik geografiyasini diversifikatsiya qilishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, mazkur hamkorlik O‘zbekistonga nima beradi?
Iqtisodiy naf. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar musbat nisbatda sezilarli oshib bormoqda. 2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 881,7 million dollarni tashkil etgan. Bu 2023-yilga nisbatan qariyb 15 foizga o‘sgan. O‘tgan yili esa bu raqamlar karrasiga ortib, tovarlar va xizmatlar savdosi hajmi taxminan 1,7 milliard dollarga yetgan.
Sammit doirasida qiymati taxminan 12 milliard dollarlik 54 ta kelishuv va investitsiya tashabbusi ilgari surilgan. Ular avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, transport, moliya va raqamli texnologiyalar kabi bir qator yo‘nalishlarni qamrab oladi. Yurtimizga qilingan har bir investitsiya esa byudjetimizga qiymat, o‘zbek dasturxoniga esa to‘kinlik demakdir.
Sammitning o‘ziga xos jihati, uchrashuvlarning muhim xususiyati shundaki, siyosiy muloqotning amaliy biznes hamkorligi bilan birlashtirilganidir. Hukumatlararo muzokaralar bilan bir qatorda, xususiy sektor vakillarining ishtiroki kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va yangi loyihalarni shakllantirish imkonini beradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev biznes va investitsiya hamkorligining institutsional mexanizmlariga alohida e’tibor qaratib, ushbu platformaning ahamiyatini ta’kidlamoqda. Marko Rubio ham AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvida iqtisodiy imkoniyatlar va uzoq muddatli sheriklikka ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi. Biroq, sammitni boshqa xalqaro uchrashuvlardan ajratib turadigan jihatni faqat ishtirokchilar soni yoki kelishuvlarning umumiy qiymati bilan o‘lchash yetarli emas. Uning haqiqiy ahamiyati siyosiy kelishuvlarni aniq iqtisodiy natijalarga aylantira oladigan mexanizmlarning shakllanishida namoyon bo‘ladi.
Geosiyosiy ahamiyat: O‘zbekistonning strategik mavqei. Markaziy Osiyo Rossiya, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim geoiqtisodiy hudud hisoblanadi. Shu sababli mintaqada transport yo‘laklari, energetika, strategik minerallar va raqamli infratuzilma bo‘yicha hamkorlik xalqaro miqyosda tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
AQSH bilan aloqalarning mustahkamlanishi O‘zbekistonga yangi texnologiyalar, kapital va xalqaro bozorlar bilan bog‘lanish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Vashington uchun esa O‘zbekiston bilan hamkorlik Markaziy Osiyodagi iqtisodiy ishtirokini kuchaytirish va mintaqa davlatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Geosiyosiy maydonda O‘zbekistonning asosiy ustunligi — turli xalqaro hamkorlar bilan muvozanatli munosabatlarni saqlashga qaratilgan pragmatik siyosati. Bu esa mamlakat nufuzini xalqaro jamiyat oldida oshirish, tinchlikni ta’minlash hamda iqtisodiy imkoniyatlarni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Kelgusi yillarda sammit natijalari bir necha asosiy ko‘rsatkichlar orqali baholanadi: o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi, o‘zaro savdoning o‘sishi, yangi korxonalar tashkil etilishi, ish o‘rinlari yaratilishi va texnologiyalar transferi. Energetika, strategik minerallar, ishlab chiqarish va raqamli texnologiyalar sohalaridagi loyihalar O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlarini rivojlantirishga yordam berishi mumkin. Buning uchun shaffof tartib-taomillar, malakali kadrlar, barqaror huquqiy muhit va investitsiya majburiyatlarining bajarilishi muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, Samarqanddagi uchrashuvlar O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining kelajagi uchun muhim imkoniyat yaratadi. Biroq, uning tarixiy ahamiyati e’lon qilingan kelishuvlar soni bilan emas, balki ular natijasida amalga oshadigan loyihalar, yaratiladigan iqtisodiy qiymat va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning uzoq muddatli barqarorligi bilan belgilanadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA