O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari amaliy hamkorlikni yanada kengaytiradi
Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA)ning XV yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rag‘asi Marlen Mamataliyev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini asrlar davomida shakllangan qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, mushtarak tarix, til, madaniyat, an’ana va urf-odatlar birlashtirib turishi qayd etildi. Ushbu tarixiy yaqinlik bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti, qat’iy siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ilgari mavjud bo‘lgan ayrim murakkab masalalarning o‘zaro anglashuv va konstruktiv muloqot asosida hal etilishi strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi.
M. Mamataliyev O‘zbekiston parlament delegatsiyasining TurkPA XV yalpi majlisidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
T. Norboyeva esa anjuman yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etib, samimiy qabul va ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun tashakkur izhor etdi.

Muloqotda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilishi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Ushbu jarayonda parlamentlarning o‘rniga alohida e’tibor qaratilib, davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament monitoringini amalga oshirish, ularning o‘z vaqtida va samarali bajarilishiga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.
Qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohalarida tajriba almashish, mahalliy vakillik organlari, ayniqsa, chegaradosh hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Tomonlar ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni izchil davom ettirish, parlamentlararo muloqotni faollashtirish, mavjud kelishuvlarning amaliy natijadorligini oshirish va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Norgul Abduraimova, O‘zA