Farg‘onada til bayrami nishonlandi
Farg‘ona shahrida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va ahamiyatini ulug‘lash, milliy qadriyatlar hamda ona tiliga bo‘lgan hurmatni yanada yuksaltirishga qaratilgan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov ishtirok etib, yig‘ilganlarni milliy bayram bilan tabrikladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Alisher Navoiy ijodi asrlar davomida xalqimizni ezgulikka, ilm-ma’rifatga va insonparvarlikka chorlab kelayotgani, uning asarlari o‘zbek tilining boyligi, jozibasi va keng imkoniyatlarini namoyon etuvchi bebaho ma’naviy xazina ekanini qayd etdi.
[gallery-32086]
Farg‘onada o‘tkazilgan til bayrami ona tilining qadrini ulug‘lash, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlash va buyuk ajdodlar merosiga hurmatni yanada oshirishga xizmat qildi.
Bayram doirasida buyuk mutafakkir va shoir, o‘zbek adabiy tili taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi. Ulug‘ shoir xotirasiga ehtirom ko‘rsatilib, uning boy adabiy merosi va ona tili ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari yana bir bor yodga olindi.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA