Uvoldan qo‘rqing!
Shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra sport bilan shug‘ullanish, juda bo‘lmaganda piyoda yurish inson tanasiga, ruhiyatiga tetiklik va yaxshi kayfiyat bag‘ishlashi mumkin ekan. Tongda mahalla yo‘lagi bo‘ylab piyoda yurishga odat qilganman. Shunday kunlardan birida bir xonadon darvozasi ostida turli chiqindilar bilan qorishib yotgan non bo‘laklariga ko‘zim tushdi. Asta borib qo‘limga oldim. Tandirda yopilgan, ozgina suvi qochgan oppoq non bo‘laklari. Yana bir karton qutida esa yarim ushatilgan, hatto, butun nonlar ham bor.
Juda ta’sirlanib turganimda ichkaridan yosh kelin supurgi ko‘tarib chiqib, menga taajjub bilan boqib, qo‘limdagi non bo‘laklariga qaradi-da: “Amaki kerak bo‘lsa, ularni ham olib ketavering, bizga kerak emas”, – deb yerda yotgan nonlarga ishora qildi. U bu so‘zlarni shu qadar beparvolik bilan aytdi-ki, nonni uvoli nima ekanini, unga tushuntirishning foydasi yo‘qligini angladim va biror so‘z demasdan nonlarni yig‘ishtirib oldim.
Bu nima sho‘xlikka to‘qlikmi yoki kaltabinlik? Ota uyidagi yoki kelin bo‘lib tushgan xonadondagi tarbiyaning zaifligi.

Inson hayotida shunday ne’matlar borki, ularning qadrini pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Non ana shunday buyuk ne’matlardan biridir. O‘zbek xalqining ko‘p asrlik turmush tarzi, urf-odatlari va ma’naviy merosida non nafaqat kundalik ozuqa, balki baraka va farovonlik timsoli sifatida e’zozlanib kelinadi.
Bir burda nonning dasturxonga yetib kelguncha bo‘lgan jarayonda ko‘plab insonlarning mashaqqatli mehnati ham bor, albatta. Bunda dehqonning uyqusiz tunlari, donni unga aylantirishdagi og‘ir mehnatlar, novvoylarning esa cho‘g‘ taftiga tik borib qilgan mehnatlari mujassam.
O‘zbek millatida nonga bo‘lgan e’tibor dasturxon ko‘rki, oila totuvligi, boyligi va kelajak umidi sifatida baholanadi. Dunyodagi jamiki noz-ne’matlarni dasturxonga to‘kib tashlang, agar non bo‘lmasa, unga fayz kirmaydi. Dasturxonimizga fayz berib turgan nonning tayyorlanish jarayonida suv, elektr energiya, yoqilg‘i, transport, mehnat resurslari sarflanishini hamma ham birdek anglamaydi.
Nonni e’zozlagan xalqning barakasi butun bo‘ladi. Bu xalqimiz hayotida yuzlab yillar davomida sinovdan o‘tgan hayotiy haqiqatdir. Hatto, uzoq safarga chiqqan insonga non tutib qolish, yangi kelinning non ushlab xonadonga kirishi, dasturxonning non bilan ochilishi kabi urf-odatlar ham xalqimizning bu ne’matga bo‘lgan yuksak ehtiromini ifoda etadi.

Bundan chamasi ellik yillar avvalgi bir xotira yodimga tushdi. Otam bilan maktab uchun zarur bo‘ladigan buyumlar xarid qilishga Chorsu bozoriga tushdik. Ust-bosh, o‘quv qurollari yana ro‘zg‘or uchun mayda-chuyda narsalar xarid qildik. Tushlik bo‘lib qolgan ekan, bir piyola choy uchun oshxonaga kirdik. Odam gavjum bo‘lgani sabab bir amallab joy topib joylashdik. Biz o‘tirgan joyda non savatchada non bo‘laklari qolgan ekan. Tushlikdan so‘ng, otam savatchadagi non bo‘laklarini yig‘ib ola boshladilar. Shunda men otamga: “Ota nima qilyapsiz, odamlar bizga qarayapti, nonlarni olmang, nima deb o‘ylashadi”, – dedim. “Kim nima desa der. Bu bizning rizqimiz. Olmasak buni chiqitga tashlab yuborishadi. Uvoli kimga uradi, bizga uradi”, – deb xaltaga solib qo‘ydilar. Men o‘shanda atrofdagilardan juda uyalgan edim. Bilsam, o‘sha paytda bu eng katta tarbiya bo‘lgan ekan. Shundan beri biror joyda oilaviymi yoki do‘stlar bilan bo‘ladimi tanovul qilgan joyda non bo‘laklarini qoldirmayman. Bu qorin ochligidan emas, uvoldan qo‘rqish bo‘lsa kerak.
Yana bir xotira. Otam Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi oziq-ovqat do‘konlaridan birida ishlar edilar. Maktabdan ta’tilga chiqqan paytlarimizda ukam bilan otamga yordamlashgani borar edik. Bir kuni rus millatiga mansub qariya do‘konga kirib keldi. Bir buxanka non o‘n kopeyek bo‘lgan paytlar. U besh kopeyek berdi va otam buxankani teng o‘rtasidan bo‘lib uzatdilar. Shunda men hayron qoldim. Bunaqasini ko‘rmaganim uchun otamdan so‘radim. “Ko‘chaning narigi tarafidagi uyda chol va kampir yashaydi. Bularga shu yetadi. Kechga tomon yana yarim bo‘lak oladi. Birinchidan keragini, ikkinchidan yangi kelgan nondan oladi. Eng asosiysi, isrofga yo‘l qo‘ymaydi”, – dedilar.
Biroq bugun globallashuv, ortiqcha iste’mol va isrofgarchilik tufayli nonning haqiqiy qadri ba’zan unutilayotgandek. Bu esa nafaqat ma’naviy, balki iqtisodiy va ekologik muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Dunyo miqyosida ham bu muammo dolzarbligicha qolmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarilgan oziq-ovqatning qariyb uchdan bir qismi yo‘qotiladi yoki isrof qilinadi. Bu bir paytning o‘zida millionlab insonlar ochlikdan aziyat chekayotgan sharoitda jiddiy muammo hisoblanadi.
Turli matbuot nashrlarda dunyo maydonidagi eng dolzarb muammolar haqida tinimsiz fikrlar va qarashlar omma e’tiboriga havola etilmoqda. Masalan, suv tanqisligi, yoqilg‘i mahsulotlari, jumladan, tabiiy gaz, elektr energiya va yana ko‘plab inson yashashi uchun eng muhim bo‘lgan ne’matlar haqida dunyoning yetuk olimlari, soha mutaxassislari o‘z qarashlarini bayon etmoqda. Bugun dunyoda oziq-ovqat, jumladan, non mahsulotlari isrofi jiddiy muammoga aylanib borayotgani ham ayni haqiqat.

Keyingi yillarda mamlakatimizda isrofgarchilikni kamaytirish, chiqindilarni saralash va qayta ishlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Prezidentning 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilandi. Hujjatda chiqindilarni saralash, qayta ishlash ulushini oshirish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga alohida urg‘u berilgan.
Pedagoglar va psixologlarning ta’kidlashicha, bolada tejamkorlik va ne’matga ehtirom tuyg‘usi, avvalo, oilada shakllanadi. Bolalar kattalarga nisbatan kuzatuvchan bo‘ladi. Bola uydagi yoshi ulug‘ insonlar harakatidan ko‘p narsa o‘rganadi va bu uning ongida uzoq saqlanadi. Har bir narsaga bo‘lgan munosabatning shakllanishi yoshlarda tez rivojlanadi. Nonga hurmat, avvalo, oilada shakllanadi. Farzand dasturxon atrofida kattalarning munosabatini ko‘rib ulg‘ayadi. Agar xonadonda non yerga tashlanmasa, ortiqcha xarid qilinmasa, qolgan nondan oqilona foydalanilsa, bu kelajak avlod uchun ham hayotiy odatga aylanadi.

Oddiy, ammo, hayotda sinovdan o‘tgan qoidalar har doim samara beradi. Buning uchun ularga amal qilishning o‘zi kifoya. Masalan, ehtiyojga yarasha non xarid qilish, issiqligidan ta’sirlanib ortiqcha olmaslik, qolgan qismidan milliy taomlar yoki suxari tayyorlash, iste’molga yaroqli ortiqcha mahsulotlarni esa ehtiyojmandlarga ulashish kabi oddiy odatlar katta ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyat kasb etadi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda ekologik madaniyatni yuksaltirish, tejamkorlik tamoyillarini hayot tarziga aylantirish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil ilgari surilmoqda. Bu maqsadlarga erishishda har bir fuqaroning ongli munosabati va shaxsiy mas’uliyati hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Nonga ehtirom dehqonning mashaqqatli mehnatiga ehtiromdir. Uni isrof qilmaslik esa yer, suv va boshqa tabiiy boyliklarni avaylash, kelajak avlod ongiga tejamkorlik va mas’uliyat tuyg‘usini singdirish demakdir.
Zero, rizqi e’zozlangan xonadonda baraka bo‘ladi, mehnat qadri ulug‘langan jamiyat esa taraqqiyot va farovonlik sari ishonch bilan odimlaydi.
Asror Sulaymonov,
O‘zA.