O‘zbekiston va Xitoy ta’lim sohasida muhim kelishuvlarga erishdi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy ta’lim loyihalarini birgalikda amalga oshirish borasidagi ishlar ko‘lami kengaymoqda.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Sevara Shokirova Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Yu Jun hamda ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchi janob Sun Changdong bilan uchrashdi.
Mamlakatimizda kelgusi o‘quv yilidan boshlab xitoy tili va STEM yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan yangi maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish, pedagoglar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, zamonaviy o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Agentlik qoshida HSK xalqaro imtihon markazini tashkil etish istiqbollari, o‘quvchilarning xitoy tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish hamda O‘zbekistonni mintaqadagi zamonaviy ta’lim va xalqaro sertifikatlash markazlaridan biriga aylantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlaydi, deb ishonch bildirildi, deyiladi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lumotida.
A.RUSTAMOV,
O‘zA