Eng bilimdonlar aniqlandi
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida harbiy xizmatchilar va xodimlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning bilim va dunyoqarashini yanada boyitish maqsadida «Zakovat» intellektual bilimlar tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda «Zakovat» intellektual klubi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda shahar va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limlari hamda tizim tashkilotlari jamoalari ishtirok etdi. Bellashuv ishtirokchilar uchun nafaqat bilim sinovi, balki jamoaviy hamjihatlik, tezkor fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini namoyon etish imkoniyatiga ham aylandi.


Tanlov davomida jamoalar O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, fan va texnika, mantiq, milliy qadriyatlar hamda umumiy bilimlarga oid qiziqarli va murakkab savollarga javob berdilar. Har bir bosqich qizg‘in bahs-munozaralar, fikrlar to‘qnashuvi va murosasiz raqobat ruhida kechdi. Ayniqsa, mantiqiy fikrlash va tezkor qaror qabul qilishni talab qiluvchi savollar ishtirokchilarning tayyorgarlik darajasini yanada yaqqol namoyon etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yangiyer shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi jamoasi eng yuqori natijani qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. Oqoltin tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi jamoasi ikkinchi, «Sirdaryo IES» aksiyadorlik jamiyati ob’ekt Favqulodda vaziyatlar bo‘limi jamoasi esa uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.

Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirok etgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri