Ustozlikning muhim sharti — tinimsiz izlanish
FOTOREPORTAJ
Ta’lim sifati va samaradorligi, avvalo, o‘z kasbiga sadoqatli, yangilikka intiluvchan va har bir o‘quvchining salohiyatini ro‘yobga chiqara oladigan pedagoglarga bog‘liq. Buxoro shahridagi 29-umumta’lim maktabining oliy toifali ingliz tili fani o‘qituvchisi Shohida Sirojova ana shunday fidoyi va izlanuvchan ustozlardan.
Uning ko‘p yillik pedagogik faoliyati zamonaviy ta’lim usullarini amaliyotga joriy etish, o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan.
Bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Ustoz shogirdlari bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari va xalqaro tanlovlarda munosib natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, «National Spelling Bee», «Hippo va Writing World Cup» kabi xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Shohida Sirojova maktab jamoasining umumiy yutuqlariga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Uning rahbarligidagi jamoa Prezident sovrini uchun o‘tkaziladigan «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovining shahar bosqichlarida bir necha bor sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Kasbiy mahoratni muntazam oshirishni ustozlik faoliyatining muhim sharti deb biladigan pedagog C1 darajadagi APTIS for Teachers hamda TKT xalqaro sertifikatlariga ega. Shuningdek, xalqaro malaka oshirish dasturlari va ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etib, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirib kelmoqda.
Uning pedagogika va xorijiy tillarni o‘qitish metodikasiga oid ilmiy maqolalari xalqaro nashrlarda chop etilgan. Bu esa Sh. Sirojovaning amaliy tajribasini ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirib borayotganidan dalolat beradi.
[gallery-31733]
2025-yilda School-based CPD Champion sifatida e’tirof etilgan ustoz pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashish va zamonaviy o‘qitish usullarini ommalashtirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Joriy yilda esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda YUNESKO hamkorligida amalga oshirilayotgan «Ishonch» loyihasi g‘olibi bo‘ldi. Ushbu e’tirof pedagogning ta’lim sifatini oshirish, yangi yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi izlanishlariga berilgan bahodir.
Shohida Sirojovaning faoliyati zamonaviy bilim, kasbiy mahorat va doimiy izlanish uyg‘unligi o‘quvchilarning yutuqlarida muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. Uning tajribasi yosh avlodga sifatli ta’lim berish va ularning kelgusi maqsadlariga erishishida ko‘maklashish yo‘lidagi ustozlik mas’uliyatining yorqin namunasidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA