Qosim To‘xtaxunov: “Ustoz mehnati shogirdning mustaqil qarorlarida davom etadi”
Bugun, 1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Ustoz mehnati faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. Ayniqsa, muhandislik sohasida yosh mutaxassisni kasbga tayyorlash, nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash, ish jarayonini anglash va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirishda ustozning tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun mamlakatimizda dual ta’lim tizimi ham rivojlanib, talabalarning oliy ta’limda olgan bilimlarini ishlab chiqarishda mustahkamlashi uchun imkoniyatlar kengaymoqda.
Zamonaviy ustozlikning mazmuni, yosh mutaxassisni mustaqil ishlashga tayyorlash, ishlab chiqarishdagi tajribani shogirdga yetkazish hamda ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish masalalari haqida “Moskva energetika instituti” Milliy tadqiqot universiteti Toshkent shahridagi filiali o‘qituvchisi Qosim To‘xtaxunov bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan sizni tabriklayman. Filialda dual ta’limga qanday e’tibor qaratilmoqda? Bu tizim talabani mustaqil ishlashga tayyorlashda qanday ahamiyatga ega?
– Rahmat. “MEI” Milliy tadqiqot universiteti Toshkent shahridagi filialida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan yoshlar o‘quv jarayoni bilan bir qatorda ishlab chiqarish korxonalarida amaliy ko‘nikmalarini shakllantiradi. Bu talabaga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlarni amalda qo‘llash, texnologik jarayonlarni tushunish va kelgusida mustaqil ishlashga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Dual ta’limning muhim jihati shundaki, talaba oliy ta’lim muassasasida olgan bilimlarini ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlaydi. Muhandis uchun bu juda muhim. Chunki u faqat muayyan texnologik operatsiyani qanday bajarishni emas, balki bu ishning umumiy texnologik jarayondagi ahamiyatini ham tushunishi kerak.
Ishlab chiqarishda talabaga berilgan vazifaning mazmuni va mohiyatini tushuntirish ustozning asosiy vazifalaridan biri. Shunda talaba bajarayotgan ishining natijasi qayerda va qanday qo‘llanishini anglaydi. Bu esa uni keyinchalik murakkabroq vazifalarni mustaqil bajarishga tayyorlaydi.
Mening qirq yildan ortiq mehnat faoliyatim ishlab chiqarish, rahbarlik, ilmiy izlanish va ta’lim sohalari bilan bog‘liq. Shu tajribamdan kelib chiqib aytamanki, yosh mutaxassisni mustaqil ishlashga tayyorlash bir kunda amalga oshmaydi. Ustoz avval vazifani tushuntiradi, qarorning sababini ko‘rsatadi, xatolarni birgalikda tahlil qiladi. Keyin esa shogirdga tobora murakkabroq ishlarni ishonib topshiradi.
– Yosh mutaxassislarning bilimlarini tahlil qilish jarayonida qanday kamchiliklar ko‘zga tashlanadi?
– Ta’lim jarayonida men maxsus “Energetikaga kirish” kursini ishlab chiqqanman. Bu kursni yaratishga diplom bilan ishga kelgan yoshlarning bilimlarini tahlil qilish sabab bo‘lgan. Ko‘p hollarda mutaxassis o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muayyan bilimlarga ega bo‘ladi, ammo energetika tizimining umumiy tuzilishi va turdosh sohalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni yetarlicha tushunmasligi mumkin.
Shuning uchun kursga yoqilg‘i-energetika majmuasida ko‘p yillar ishlagan mutaxassislarni ham jalb qildik. Ular bilan birgalikda elektr energiyasini ishlab chiqarishning turli manbalari o‘rtasidagi bog‘liqlik, elektr tarmoqlarining barqarorligi, ta’minot ishonchliligi kabi masalalarni muhokama qildik. Aniq texnik vazifalarni ham tahlil qildik.
Bunday mashg‘ulotlar talabaga o‘zi o‘qiyotgan fanlar nima uchun kerakligini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Chunki mutaxassis faqat alohida bilimlarga emas, ularning bir-biri bilan qanday bog‘lanishiga ham e’tibor qaratishi kerak.
Ishlab chiqarishda ham shunga amal qilish zarur. Agar talaba bir necha oy davomida faqat yordamchi ishlar bilan shug‘ullansa yoki texnologik jarayonni tushunmasdan bitta operatsiyani takrorlayversa, uning ishlab chiqarishdagi imkoniyati cheklanib qoladi.
Ayrim bilimlarni yo‘riqnoma asosida berish mumkin. Ayrim harakatlarni trenajyorlarda mashq qilish mumkin. Ammo kasbiy madaniyatni bunday usulda to‘liq shakllantirib bo‘lmaydi. Mas’uliyatli ishdan oldin o‘zini yana bir bor tekshirish, xavfsizlik talablariga jiddiy munosabatda bo‘lish, xato qilganini tan olish va uni to‘g‘rilashga harakat qilish kabi fazilatlar ustozdan shogirdga bevosita o‘tadi. Eng muhimi, shogird mustaqil ishlashni o‘rganishida.
– Yosh mutaxassisni asosiy ish bilan birga o‘qitish ustozdan nimani talab qiladi?
– Bu, avvalo, vaqt talab qiladi. Ishlab chiqarishda ba’zan vazifani o‘zingiz bajarib qo‘yish topshiriqni tushuntirish, bajarilishini kuzatish va natijani tekshirishdan ko‘ra tezroq bo‘ladi. Ayniqsa, ish jarayoni shoshilinch bo‘lsa, yosh xodimga vaqt ajratish qiyinlashadi.
Lekin to‘plangan tajribani boshqalarga berish istagi ham juda muhim. Inson yillar davomida orttirgan tajribasini o‘zi bilan olib ketolmaydi. Shuning uchun bu bilim va ko‘nikmalar keyingi avlod mutaxassislariga o‘tishi kerak.
Mening amaliyotimda yosh xodimlar bilan ishlash ko‘p hollarda shaxsiy tashabbusga bog‘liq bo‘lgan. Shu bilan birga, moddiy rag‘bat ham samarali omil, deb hisoblayman. Tajribali xodim nafaqat o‘z ishini yaxshi bilishi, balki boshqalarga o‘rgata olishi ham kerak.
Men talabalar bilan ishlash jarayonida muloqotning turli usullarini ko‘proq amaliyot davomida o‘rganganman. Lekin o‘qitishning o‘ziga ham o‘rganish kerak. Chunki kasbiy tajribaga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Uni boshqa insonga tushunarli qilib yetkazish mahorati ham zarur.
– Bugun ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Bunday sharoitda talabaning haqiqiy bilimi va mustaqil fikrlashini qanday aniqlash mumkin?
– Men talabalarning sun’iy intellektdan foydalanishiga qarshi emasman. Aksincha, undan ta’lim jarayonida to‘g‘ri foydalanish foydali bo‘lishi mumkin. Lekin asosiy masala talabaning tayyor javobni olishi emas, uning bajargan ishini tushunishi va o‘z so‘zlari bilan tushuntira olishidir.
Masalan, talabadan qanday vazifani bajarganini so‘rayman. Keyin shu ishga taalluqli qo‘shimcha savollar beraman. Ba’zan dastlabki vazifaga bevosita kirmaydigan, ammo mavzuni tushungan odam javob bera oladigan savolni ham beraman. Shunda talabaning nimani tushungani va qayerda qiynalayotgani ko‘rinadi. Ayrim hollarda talaba sun’iy intellektga qanday topshiriq berganini ham tushuntirib bera olmaydi.
2026-yil yanvar oyida e’lon qilingan “OECD Digital Education Outlook” hisobotida ham bajarilgan ish sifati bilan insonning amalda nimani o‘rgangani o‘rtasidagi farq masalasiga e’tibor qaratilgan. Generativ sun’iy intellekt vositalari tayyor natijani yaxshilashi mumkin, ammo bu har doim ham inson shu natijaga mos bilim va ko‘nikmani egallaganini anglatmaydi. Ta’lim jarayoni to‘g‘ri tashkil etilsa, sun’iy intellekt bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yordam berishi mumkin.
Muhandis uchun esa qaysi vositadan foydalanilganidan qat’i nazar, hisob-kitoblarni tushunish juda muhim. Mutaxassis dastlabki ma’lumotlarni tekshirishi, olingan natija nimani anglatishini bilishi va uni muayyan ob’ektda qo‘llash mumkin yoki mumkin emasligini aniqlay olishi kerak.
– Ustoz mehnatining natijasi ko‘pincha yillar o‘tib namoyon bo‘ladi. Siz buni sobiq talabalaringiz misolida qanday his qilgansiz?
– Ustoz mehnatining ta’siri ba’zan darhol emas, yillar o‘tib ko‘rinadi. Elektr stansiyalariga borganimda mustaqil ishlayotgan sobiq talabalarim bilan uchrashib qolaman. Ular meni ko‘rib, ilk ustozlarini eslashadi, iliq xotiralarini aytishadi.
Ba’zan dars jarayonida biror fikr yoki misol keltiraman. Oradan yillar o‘tib, sobiq talabalarimdan shu gaplarni eslab qolganini eshitaman. Ulardan biri: “O‘sha paytda bizga nima deganingizni eslaysizmi?” deb so‘ragan. Men eslamagan bo‘lishim mumkin. U esa: “O‘sha paytda aytgan so‘zlaringiz menga boshqacha ta’sir qilgan. Bu meni butunlay o‘zgartirib yuborgan”, degan.
Ishlab chiqarishda yosh mutaxassisning tayyorligi uning hisob-kitoblarni qanchalik sifatli bajarishi, uskunalarga munosabati va xavfsizlik talablariga rioya qilishi asnosida ko‘rinadi. Universitetda ham, ishlab chiqarishda ham ustozning vazifasi yosh mutaxassisga ana shu sinovdan o‘tishga yordam berishdan iborat.
Ustozning mehnati esa u bir vaqtlar mustaqil ishni ishonib topshirgan insonlarning qarorlarida davom etadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.