Paxta terimida 2,7 mingta mashina safarbar etildi
Paxta yig‘im-terimi mavsumi qizg‘in davom etayotgan bugungi sharoitda texnikaning uzluksiz va samarali ishlashi hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ishda muhim omil hisoblanadi.
Shu bois paxta terish mashinalarining texnik sozligi, ularga tezkor xizmat ko‘rsatish va ehtimoliy nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida respublika bo‘yicha jami 2 700 ta yuqori unumli paxta terish mashinasi jalb etilgan. Shundan 1 100 tasi joriy yilda xarid qilingan yangi texnikalardir. Qolgan 1 600 ta mashinaning 1 378 tasi 2024–2025-yillarda xarid qilingan.
“O‘zagroinspeksiya” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublikadagi mavjud paxta terish mashinalarining texnik holati to‘liq o‘rganilib, ularga mavsumoldi texnik xizmat ko‘rsatish ishlarining belgilangan talablar asosida va sifatli bajarilishi nazoratga olingan.
Jumladan, paxta terish mashinalarini yetkazib bergan “Boshiran”, “Svan”, “FM Forld”, “Keys” va “Jon Dir” kompaniyalarining hududlardagi servis korxonalari mutaxassislari tomonidan texnik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi.
Mavsum davomida texnikalarning beto‘xtov ishlashini ta’minlash maqsadida hududlarda 84 ta servis korxonasi tashkil etilgan. Tezkor texnik yordam ko‘rsatish uchun esa 387 ta mobil servis guruhi shakllantirilgan.
Shuningdek, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklarni qisqa vaqtda bartaraf etish uchun paxta terish mashinalariga zarur bo‘lgan moylash materiallari va ehtiyot qismlar zaxirasi ham yaratilgan.
Agroinspeksiya tomonidan har bir paxta terish mashinasi mexanizatori bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Texnikada nosozlik yuzaga kelgan taqdirda, servis xizmati ko‘rsatilishidan tortib, mashinaning qayta ishga tushirilishiga qadar bo‘lgan jarayon nazorat qilib borilmoqda.
Texnikalardan unumli foydalanish maqsadida har bir paxta terish mashinasiga 2–3 nafar malakali traktorchi-mashinist biriktirilgan. Ular har 8 soatda almashib, mashinalarning bir sutkada o‘rtacha 20–22 soat davomida uzluksiz ishlashini ta’minlamoqda.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida “Boshiran”, “Svan”, “FM Forld” va “Keys” rusumli paxta terish mashinalari yordamida o‘rtacha 70–80 tonna, “Jon Dir” rusumli mashinalar yordamida esa 110–120 tonnagacha paxta terib olinmoqda.
Paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida paxta terish mashinalarining texnik sozligi, ulardan samarali foydalanish hamda aniqlangan nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish ustidan nazorat ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA