Ustoz san’atkor Ravshan Solihov xotirasiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazildi
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, ustoz san’atkor Ravshan Solihov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda madaniyat va san’at sohasi vakillari, teatr jamoasi, san’atkorning shogirdlari, hamkasblari, yaqinlari hamda teatr muxlislari ishtirok etdi.
Xotira kechasida Ravshan Solihovning o‘zbek teatr san’ati rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, sahnada yaratgan betakror obrazlari va ustozlik faoliyati alohida e’tirof etildi. Uning milliy teatr an’analarini asrab-avaylash, boy ijodiy tajribasini yosh avlodga yetkazish borasidagi xizmatlari ta’kidlandi.

Tadbir davomida san’atkorning hayoti va ijodiy faoliyati aks etgan videolavhalar namoyish qilinib, sahnadagi unutilmas chiqishlari hamda san’at rivojiga qo‘shgan hissasi yodga olindi. Teatr san’atkorlari tomonidan ijro etilgan musiqiy va badiiy chiqishlar kechaga alohida fayz bag‘ishladi.

So‘zga chiqqanlar Ravshan Solihovning san’atga sadoqati, yuksak kasbiy mahorati, samimiyligi va shogirdlariga bo‘lgan mehri haqida iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar. Ular ustozning ijodiy yo‘li nafaqat hamkasblari, balki uning izidan borayotgan yosh san’atkorlar uchun ham ibrat maktabi ekanini ta’kidladilar.

Ravshan Solihovning ijodiy merosi o‘zbek teatr san’atining boy an’analari, milliy sahna madaniyati va ustoz-shogird munosabatlarining uzviyligini namoyon etadi. Uning sahnadagi mehnati, san’atga bo‘lgan fidoyiligi va shogirdlar tarbiyasiga qo‘shgan hissasi san’at ahli xotirasida munosib o‘rin egallaydi.
Bunday xotira tadbirlari milliy teatr san’ati tarixida iz qoldirgan ustozlarning xizmatlarini yod etish, ularning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish va yosh avlod qalbida san’atga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ravshan Solihov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ushbu kecha ustoz san’atkorning yorqin xotirasini e’zozlash, uning ijodiy merosini asrab-avaylash hamda milliy teatr san’ati an’analarini davom ettirish yo‘lidagi ezgu tadbirlardan biri bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA