Istanbulda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti va xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi
Istanbul Madaniyat universitetida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Mustaqillik zafarnomasi» kitob-albomi hamda turkiyalik olim doktor Kemal Yavuz Atamanning «Men tanigan O‘zbekiston» kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki xalqning tarixiy mushtarakligi va ma’naviy yaqinligini keng targ‘ib etishga qaratildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan «Mustaqillik zafarnomasi» kitob-albomi O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot yo‘li, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar hamda milliy qadriyatlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini yoritib beradi.
Anjuman avvalida O‘zbekistondagi islohotlar, mamlakatning bugungi taraqqiyoti va O‘zbekiston-Turkiya hamkorligiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.
Istanbul Madaniyat universiteti rektori, professor Fadime Uney Yuksektepe o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Tadbir davomida o‘zbekistonlik olim va mutaxassislar tomonidan mamlakatimizdagi islohotlar, milliy o‘zlikni anglash, madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotira va ma’naviy qadriyatlar, shuningdek, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Jumladan, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati raisi, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Baxtiyor Husanov «Yangi O‘zbekiston: islohotlar, yangilanish va zamonaviy taraqqiyot» mavzusida ma’ruza qildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, tarix fanlari doktori Abduxalil Mavrulov milliy ruh va madaniyat masalalariga to‘xtaldi.

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bekzod Abdirimov O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, mushtarak qadriyatlar hamda strategik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida fikr bildirdi. Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori Ilhom Suvonov ma’rifat va ta’limning xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi ahamiyatini yoritdi.
Falsafa fanlari doktori, shoira Sayyora To‘ychiyeva esa adabiyot va san’atning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy muloqot va ma’naviy yaqinlikni rivojlantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. Uning she’riy chiqishi anjumanga alohida badiiy ruh bag‘ishladi.
Tadbirning muhim voqealaridan biri turkiyalik olim doktor Kemal Yavuz Atamanning «Men tanigan O‘zbekiston» kitobi taqdimoti bo‘ldi. Asarga bag‘ishlangan animatsion rolik namoyish etildi. Unda O‘zbekiston tarixi, madaniyati va mamlakat haqidagi taassurotlarning aks ettirilishi ikki xalq o‘rtasidagi madaniy muloqotni boyitish, O‘zbekistonning boy merosi va bugungi hayotini Turkiyada kengroq tanitish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Anjumanning badiiy qismida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi xonandasi Adolat Ismoilova hamda estrada xonandasi Aziz Rajabiy ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvga erishildi. Istanbul Madaniyat universiteti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish hamda ikki xalqning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Ushbu madaniy-ma’rifiy anjuman O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish va kelgusi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA