Urganchning bugungi jamoli
Xorazm viloyatining ma’muriy markazi — Urganch shahri bugun o‘zining zamonaviy qiyofasi, obod va ko‘rkam maskanlari, o‘ziga xos fayzu tarovati bilan e’tiborni tortadi.
Keyingi yillarda shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari uning qiyofasini yanada o‘zgartirmoqda. Keng va ravon ko‘chalar, zamonaviy binolar, so‘lim bog‘u xiyobonlar, aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar Urganchning bugungi taraqqiyotidan dalolat beradi.
Shaharning har bir go‘shasida yangilanish va obodlik nafasi seziladi. Ko‘kalamzor hududlar, orasta yo‘laklar, tartib bilan qad rostlagan binolar va fayzli maskanlar shahar manzarasiga o‘zgacha joziba bag‘ishlamoqda. Ayniqsa, kechki chiroqlar yog‘dusida yanada ko‘rkam tus oladigan ko‘chalar Urganchning zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadi.
Urganchning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda zamonaviy shaharsozlik an’analari xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va azaliy urf-odatlari bilan uyg‘unlashgan. Shaharning osoyishta muhiti, ozoda ko‘chalari va obod maskanlari nafaqat mahalliy aholi, balki vohaga tashrif buyurayotgan mehmonlarda ham iliq taassurot qoldiradi.
Bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda, shaharning yashil hududlarini asrash, jamoat joylarini obodonlashtirish va aholi uchun qulay dam olish maskanlarini yaratishga ham e’tibor qaratilyapti. Bu esa Urganchning yanada ko‘rkam va yashash uchun qulay shaharga aylanishiga xizmat qilmoqda.
[gallery-32246]
Bugungi Urganch manzaralarida osoyishtalik, yangilanish va taraqqiyot uyg‘unligi mujassam. Uning fayzli ko‘chalari, ko‘rkam inshootlari va obod go‘shalari Xorazm vohasining zamonaviy qiyofasini o‘zida aks ettiradi.
Behzodbek SAIDOV (surat), O‘zA