Urganchdan Xivaga yangi trolleybuslar qatnovi boshlanadi
Qayd etilishicha, endilikda Urganch va Xiva o‘rtasida jamoat transportida harakatlanish yanada qulaylashadi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yil 27-oktabrdan zamonaviy trolleybuslar ikki shahar o‘rtasida qatnay boshlaydi. Yangi transport vositalari yo‘lovchilar uchun kutish vaqtini qisqartirish va hududning muhim transport nuqtalarini o‘zaro bog‘lashga xizmat qiladi.
Joriy yil 25-oktabr kuni Urganch shahrida “Xorazm trolleybus saroyi” davlat muassasasining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Korxona tomonidan 27-oktabrdan boshlab “Urganch — Xiva” yo‘nalishida yangi va zamonaviy trolleybuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yangilanishning muhim jihati shundaki, Urganch — Xiva — Urganch yo‘nalishida trolleybuslarning harakatlanish oralig‘i 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqaradi. Bu yo‘lovchilarning transport kutish vaqtini sezilarli kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, zamonaviy trolleybuslarni yangi tashkil etilgan Urganch xalqaro aeroporti, Urganch temir yo‘l vokzali va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi yo‘nalishda harakatlantirish rejalashtirilgan. Bu esa havo va temir yo‘l transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun manzillar o‘rtasidagi qatnovni yanada qulay tashkil etishga yordam beradi.
Aslida, jamoat transportining qulayligi faqat yangi transport vositalari bilan emas, balki ularning muntazam harakati, kutish vaqti va boshqa transport turlari bilan uyg‘unligi orqali ham belgilanadi. Shu ma’noda, Urganch — Xiva yo‘nalishidagi yangi trolleybuslar qatnovi hudud transport tizimini takomillashtirish yo‘lidagi muhim yangiliklardan biridir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA