Iqtidorli bolalar mental arifmetika bo‘yicha bellashdi
Ma’lumki, mental arifmetika yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, mantiqiy fikrlash, xotira va diqqatni jamlash qobiliyatlarini kuchaytirishda muhim o‘rin tutmoqda. Mamlakatimizda hamda xalqaro miqyosda mental arifmetikaga oid musobaqalar muntazam ravishda tashkil etilib, o‘quvchilarning o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar Yoshlar markazida mental arifmetika bo‘yicha bilimlar bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Bellashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarining tezkor fikrlash, diqqatni jamlash va matematik hisoblash bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini namoyon etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mental arifmetikaning bolalar uchun eng asosiy foydasi — bu nafaqat tez hisoblash ko‘nikmasi, balki miyaning kompleks rivojlanishi. Tayoqchalar bilan ishlash orqali bolalar ikkala miya yarim sharini birdek faollashtiradi. Misollarni xayolan yechish jarayoni bolada bir nuqtaga diqqatni jamlash va tashqi chalg‘ituvchi omillarga e’tibor bermaslik ko‘nikmasini shakllantiradi.

Tadbirning yakuniy natijalariga ko‘ra, faol ishtirokchilar esdalik medallari, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday bellashuvlar yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, mantiqiy fikrlashini rivojlantirish va bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva,
O‘zA