Mualliflik huquqi: seminar-trening o‘tkazildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti axborot-resurs markazida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Mualliflik huquqini himoya qilish oyligi” doirasida amaliy seminar-trening tashkil etildi.
“Kutubxona va mualliflik huquqi: kutubxonachi nimalarni bilishi kerak?” hamda “Mualliflik huquqi, plagiat va akademik halollik” mavzulariga bag‘ishlangan tadbirda intellektual mulkni himoya qilish, kutubxona faoliyatida mualliflik huquqi talablariga rioya etish va ta’lim jarayonida akademik halollik tamoyillarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali mutaxassislari, shuningdek, institut hamda hamkor oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda mutaxassislar tomonidan zamonaviy kutubxonalarda intellektual mulkni himoya qilish, elektron axborot resurslaridan foydalanishning huquqiy asoslari, mualliflik huquqiga oid qonunchilik talablari va sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ilmiy va ijodiy ishlarda plagiatning oldini olish, foydalanilgan manbalarga to‘g‘ri havola berish, iqtibos keltirish qoidalariga amal qilish hamda talaba-yoshlar o‘rtasida akademik halollik madaniyatini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar. Xususan, noyob kitoblarni raqamlashtirish jarayonida mualliflik huquqiga rioya etish, antiplagiat dasturlaridan foydalanishning huquqiy jihatlari hamda mualliflik huquqining amal qilish muddatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mazkur seminar-trening kutubxona xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, intellektual mulkka hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ilmiy faoliyatda plagiatning oldini olish hamda ta’lim muhitida akademik halollik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri