Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limiga yangi rais saylandi
Andijonda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi o‘rinbosari Dilshodbek Bo‘riyev, uyushma a’zolari, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Jurnalistlar uyushmasining milliy mediamuhitdagi o‘rnini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, bugungi kunda jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida jurnalistlarning ishtiroki, o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda tashkiliy – uyushma viloyat bo‘limiga yangi rahbar saylash masalasi ko‘rib chiqildi.
[gallery-32005]
Taklif etilgan bir necha nomzodlar orasidan Andijon viloyati teleradiokompaniyasi rahbari o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Ibrohimjon Zufarov uyushma viloyat bo‘limiga rais etib saylandi.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Dilshodbek Bo‘riyev yangi saylangan rais rahbarligida andijonlik jurnalistlar oldida turgan qator vazifalarga to‘xtalib, viloyatda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar hamkorligini mustahkamlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, faol jurnalistlarni ham moddiy, ham ma’naviy rag‘batlantirish, faxriy jurnalistlar holidan xabar olish, umuman, barcha OAV vakillarini ezgu maqsad yo‘lida jipslashtirish va boshqa qator yo‘nalishlarda olib borilishi zarur vazifalar haqida gapirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda Andijon viloyati teleradiokompaniyasi rahbari Abdulhamid Nurmatov, Jalaquduq tumani “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukrullo Xayitoxunov, “Baliqchi” tumani “G‘alaba” gazetasi muharriri Shahzodaxon Karimova, faxriy jurnalistlar Bekmirza Madrahimov, To‘lqin Siddiqov, Matluba Yusupova, Feruza Mirzaolimova va boshqalar tomonidan Andijonda matbuot, matbuot va jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari