Urganch davlat universitetida ijodiy imtihonlar qanday tashkil etilmoqda?
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 2026-2027 o‘quv yili uchun alohida iqtidor talab etuvchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar davom etmoqda.
– Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 8-17-iyul kunlari belgilangan grafik asosida bo‘lib o‘tadi, – deydi UrDU axborot xizmati rahbari Marhabo Ahmedova. – Imtihonlar “Cholg‘u ijrochiligi”, “Vokal san’ati”, “Rangtasvir”, “Amaliy san’at”, “Arxitektura” hamda “Sport faoliyati” yo‘nalishlari bo‘yicha tasdiqlangan jadval asosida tashkil etilmoqda. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning bosh maqsadi abituriyentlarning tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha imkoniyatlarini, bilim va malaka darajalarini kasbiy ko‘nikmalarini ijodiy hamda jismoniy qobiliyatlarini aniqlashdan iborat.
Imtihonlarni adolatli, ochiq va shaffof o‘tkazishni ta’minlash maqsadida live.urdu.uz sayti orqali onlayn kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan.
Kasbiy (ijodiy) imtihon topshiruvchi farzandlariga ruhiy dalda bo‘lish maqsadida ular bilan birga kelgan ota-onalar va yaqinlari uchun Urganch davlat universitetida maxsus shinam va salqin kutish joylari tashkil etilgan.
[gallery-30354]
– Mening qizim sportning erkin kurash turi bilan shug‘ullanadi, – deydi Shirin Bakiyeva. – U bugun sport faoliyati yo‘nalishida imtihon topshirmoqda. Jarayonlarni to‘liq kuzatib borishimiz uchun bizga yetarlicha sharoit yaratilgan. Bizga ajratilgan kuzatuv zallari salqin va qulay qilib, yumshoq o‘rindiqlar o‘rnatilgan.
Ota-onalar farzandlarini imtihon topshirish jarayonlarini kutish joyida monitor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqda.
Ijodiy imtihonlarni adolatli, shaffof o‘tkazilishini nazorat qilish maqsadida universitet Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens – nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi ham jarayonlarni kuzatmoqda. Sinovlar o‘tkazilayotgan hududlarga xavfsizlikni ta’minlash uchun IIB, Milliy gvardiya hamda tibbiyot xodimlari jalb etilgan.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari