O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligida qo‘llash tajribasini o‘rgandi
O‘zbekistonning agrar oliy ta’lim muassasalari, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan iborat delegatsiya Xitoyning Shinjon hududida bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, qishloq xo‘jaligida raqamli yechimlar hamda yuqori hosilli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganib qaytdi.

FAO axborot xizmatining O‘zAga ma’lum qilishicha, tashrif Xitoy –Markaziy Osiyo hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Sanoat-ta’lim integratsiyasi orqali zamonaviy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish” dasturi doirasida tashkil etildi.
Mazkur dastur qishloq xo‘jaligi ta’limi va texnik almashinuvlar yo‘nalishida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish salohiyati bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Shinjon va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi madaniy almashinuvlar hamda xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Dastur raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligida qo‘llash, Shinjon tajribasi asosida yuqori hosilli paxta yetishtirish, qurg‘oqchil hududlarda suv va o‘g‘itlardan samarali foydalanish texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va sifat nazorati kabi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oldi.
– Mazkur o‘quv dasturi bizga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini amaliy jihatdan o‘rganish va ularni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkonini berdi, – dedi O‘zbekiston delegatsiyasi vakili Botir Hayitov. – Ayniqsa, raqamli texnologiyalar hamda suv va o‘g‘itlarni integratsiyalash bo‘yicha tajriba qurg‘oqchil hududlarimiz uchun katta ahamiyatga ega. Xitoyda qo‘llanilayotgan ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi modeli agrar oliy ta’lim muassasalarida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda ilmiy bilim va amaliyotni uyg‘unlashtirish uchun samarali yechim bo‘lishi mumkin.

Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari o‘rganilgan tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatini muhokama qildi. Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish, yuqori hosilli ekinlarni yetishtirish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA