Urganch davlat universiteti xalqaro matematika konferensiyasiga mezbonlik qildi
FOTOREPORTAJ
Urganch davlat universitetida «Diofant yaqinlashtirishlari va tutash masalalar» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda zamonaviy matematika sohasidagi dolzarb masalalar, ilmiy tadqiqotlar natijalari va istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Anjumanda dunyoning 13 ta davlatidan 27 ta universitet va ilmiy-tadqiqot muassasasi vakillari, jumladan, 37 nafar xorijiy olim va mutaxassis ishtirok etdi.
Konferensiya davomida diofant yaqinlashtirishlari, diofant ko‘rsatkichlari, Kantor to‘plamlari, algebraik sonlar, aperiodik to‘plamlar, butun sonli funksiyalar hamda bir jinsli fazolardagi chegaralangan orbitalar kabi yo‘nalishlardagi tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.
[gallery-31235]
Ishtirokchilar ma’ruzalar orqali yangi ilmiy natijalar bilan tanishib, zamonaviy matematik yondashuvlar yuzasidan fikr va tajriba almashdi.
Konferensiyada Moskva davlat universiteti, Xitoy Fanlar akademiyasi, Sorbonne Paris Nord universiteti, Sukuba universiteti, Oliy iqtisodiyot maktabi hamda Shanxay matematika va fanlararo tadqiqotlar instituti olimlarining ma’ruzalari ham tinglandi.
Xalqaro anjuman matematikaning nazariy yo‘nalishlaridagi ilmiy tadqiqotlarni muhokama qilish, olimlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va ilmiy tajriba almashish uchun muloqot maydoni bo‘ldi.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA