Ta’limda teng imkoniyat yaratish har bir bolaning kelajagiga sarmoya kiritishdir
Mamlakat qonunchiligida har bir bola bilim olishga haqli va ular uchun ta’limda imkoniyat cheklanmagan. Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning sifatli bilim olishi uchun munosib sharoitlar yaratib berilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmi joriy etildi.
Qayd etilishicha, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmatini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda ta’lim olayotgan har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.
Subsidiya miqdori ta’lim muassasasi joylashgan hududga qarab belgilanadi:
Toshkent shahrida — BHMning 11 baravari;
viloyatlar markazlari va Nukus shahrida — BHMning 9,5 baravari;
boshqa tuman va shaharlarda — BHMning 8,5 baravari.
Avvalo, nodavlat maktablarda korreksion sinflar tashkil etish uchun qo‘shimcha rag‘bat paydo bo‘ladi. Ya’ni, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun maxsus sharoit yaratish, ular bilan ishlaydigan mutaxassislarni jalb etish va ta’lim jarayonini moslashtirishda muassasalarga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi. Natijada ota-onalar uchun ham ta’lim tanlovi kengayadi. Korreksion sinflar ko‘payishi bolalarning o‘z ehtiyojlariga mos ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan “Inklyuziv ta’lim muhiti” granti ham joriy etilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun har yili kamida 50 ta davlat maktabida loyihalarni amalga oshirishga BHMning 500 baravarigacha grant ajratilishi belgilangan. Demak, inklyuziv ta’lim endi faqat alohida sharoit yaratish masalasi emas, balki davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgan muhim yo‘nalishga aylanmoqda.

Davlat rahbarining joriy yil 5-avgustdagi “Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning ta’lim olish huquqini ro‘yobga chiqarish, ularning oilaviy muhitda ta’lim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi hamda jamiyat hayotida faol va to‘laqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qancha zaruriy vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etilmoqda. Bunda ijtimoiy xodim tomonidan ota-onaga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatib boriladi, bolaning ta’lim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanayotganligi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi, zaruratga ko‘ra boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish choralari ko‘riladi.
Ta’limda teng imkoniyat yaratish — bu nafaqat ijtimoiy adolat mezoni, balki mamlakatning barqaror iqtisodiy va intellektual kelajagini ta’minlovchi eng foydali sarmoyadir. Kapitalni bino yoki texnologiyaga emas, eng avvalo inson kapitaliga yo‘naltirish jamiyat rivojiga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA