Ulkan maqsadlarni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim siyosiy-huquqiy hujjat
Adolat davlatning eng buyuk tayanchi. Qonun ustuvorligi jamiyat barqarorligining eng mustahkam poydevori. Sud esa inson o‘z haq-huquqini himoyalangan deb his qiladigan eng muhim maskandir.
Mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat muayyan bir tizimni takomillashtirish, balki davlat va jamiyat hayotida qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, inson qadrini yuksaltirish va fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishga qaratilgan strategik siyosatning muhim qismi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi “Odil sudlov — 2030”: “Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ana shu ulkan maqsadlarni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim siyosiy-huquqiy hujjat bo‘ldi.
Mazkur Farmon bilan sud tizimini 2030-yilga qadar rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilab berildi. Eng muhimi, ushbu hujjatning markazida sud idorasi yoki uning tashkiliy tuzilmasi emas, inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari hamda adolatga bo‘lgan ishonchi turibdi. Bu esa sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.
Inson qadri sud-huquq islohotlarining bosh mezonidir. Har qanday davlatning demokratik taraqqiyoti, avvalo, inson huquqlari qay darajada himoya qilinayotgani bilan belgilanadi.
Insonning huquqi buzilganida u qayerga murojaat qiladi, qonuniy manfaati poymol qilinganida kimdan adolat kutadi? Davlat organi bilan fuqaro o‘rtasida nizo kelib chiqqan holatda qaysi institut uning huquqini xolis himoya qilishi kerak? Bu savollarning barchasi oxir-oqibat sudga borib taqaladi.
Shuning uchun sudga bo‘lgan ishonch oddiy bir ijtimoiy munosabat emas. U jamiyatda qonunga bo‘lgan hurmat, davlatga bo‘lgan ishonch va adolatga bo‘lgan e’tiqodning muhim ko‘rsatkichidir. “Odil sudlov — 2030” strategiyasida aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqib, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsad qilib qo‘yilgan. Demak, yangi strategiyaning asosiy g‘oyasi bitta ulkan maqsadda mujassam:
Inson sud eshigini qoqqanda, uning ortida qonun, adolat va davlat kafolati turganini his qilishi kerak. Farmonda yangi O‘zbekiston sud hokimiyatining yangilangan qiyofasini shakllantirishga qaratilgan islohotlar oltita asosiy ustun asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bular, “Xalqchil sud”, “Adolat qo‘rg‘oni”, “Kafolatlangan adolat”, “Adolat posbonlari”, “Raqamli odil sudlov”, “Xalqaro e’tirof”. Bu ustunlarning har biri sud tizimining alohida yo‘nalishini ifodalasa-da, ularni birlashtirib turgan yagona maqsad bor. U ham bo‘lsa — adolatni insonga yanada yaqinlashtirish. “Xalqchil sud” sudning eng oliy bahosi xalq ishonchidir, xalqchil sud bu shunchaki xalqqa yaqin joylashgan sud emas. Xalqchil sud, fuqaroni eshitadigan, uning huquq va qonuniy manfaatlarini hurmat qiladigan, o‘z faoliyatini jamiyat uchun ochiq va tushunarli tarzda tashkil etadigan suddir. Farmonda sudlar faoliyatining shaffofligini oshirish, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, jamoatchilik bilan qayta aloqani samarali yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilangan.
Bundan tashqari, sudlarni byurokratiyadan xoli tizimga aylantirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun zamonaviy standartlarga muvofiq qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu sudning jamiyatdagi o‘rniga nisbatan yangi qarashdir. Chunki bugungi fuqaro suddan faqat qaror emas, xolis munosabat, ochiqlik va tushunarli huquqiy javob kutmoqda. Sudga ishonch esa bir kunda paydo bo‘lmaydi. U har bir sud majlisida, har bir sudyaning muomalasida, har bir qarorning asoslantirilishida va har bir insonning huquqi qay darajada himoya qilinganida shakllanadi. Shu bois: Sudga ishonch, sudning obro‘si emas, davlatning huquqiy nufuzidir.
Har bir fuqaroning sudga bo‘lgan ishonchi bu “Adolat qo‘rg‘oni” mustaqil sud, mustahkam davlat sud mustaqilligi, odil sudlovning yuragi. Sudya qaror qabul qilayotganda tashqi ta’sir, bosim yoki manfaatlardan xoli bo‘lishi kerak. Farmonda inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu masala faqat sud tizimining ichki ishi emas. Sud mustaqilligi — huquqiy davlatning eng muhim belgilaridan biridir. Chunki mustaqil sud bor joyda fuqaro o‘z huquqi himoya qilinishiga ishonadi. Fuqaro ishongan joyda qonun ustuvorligi mustahkamlanadi. Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda esa davlat institutlariga nisbatan hurmat va ishonch kuchayadi. Shu ma’noda, “Adolat qo‘rg‘oni” tushunchasi ramziy ma’noda ham juda katta siyosiy mazmunga ega. Sud inson huquqlarining so‘nggi himoya chizig‘i bo‘lsa, uning mustaqilligi ana shu himoya chizig‘ining mustahkamligini ta’minlaydi.
“Kafolatlangan adolat” har bir qaror ortida inson taqdiri bor, sud faoliyatining eng muhim natijasi sud qaroridir. Sud qarori bir hujjatdek ko‘rinishi mumkin. Ammo uning ortida ko‘pincha insonning taqdiri, oilasi, mol-mulki, obro‘si, erkinligi yoki kelajagi turadi. Shuning uchun qarorning qonuniyligi bilan birga, uning adolatli va asoslantirilgan bo‘lishi ham nihoyatda muhim. “Odil sudlov — 2030” strategiyasida aynan qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish vazifasi belgilangan. Bu sudya zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, sudya uchun har bir ish navbatdagi ish emas. Har bir ish — inson taqdiri. Shuning uchun sudyaning har bir qarori qonunga, dalilga, xolislikka va adolat mezoniga tayanishi lozim.
Jinoyat protsessida sud nazorati inson huquqlarining yangi kafolati Farmonning eng muhim jihatlaridan biri jinoyat protsessida sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan normalardir. 2027-yil 1-iyuldan boshlab tergov sudyasiga protsessual majburlov choralarini qo‘llashga sanksiya berish masalalarini ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish vakolatlarini berish nazarda tutilgan. Bu jinoyat protsessida inson huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan prinsipial ahamiyatga ega. Ya’ni shaxsning huquq va erkinliklariga daxl qiluvchi muhim protsessual qarorlar ustidan sud nazorati yanada kuchaytiriladi. Shuningdek, “Xabeas korpus” instituti doirasini kengaytirish, tezkor-qidiruv tadbirlari hamda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari ustidan sud nazoratini kuchaytirish, muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash amaliyotini kengaytirish kabi vazifalar belgilangan. Buning zamirida bitta muhim prinsip yotadi: inson erkinligini cheklash — davlatning eng jiddiy qarorlaridan biri, shuning uchun bunday qaror ustidan samarali sud nazorati bo‘lishi shart.
Sud qarorlarini qayta ko‘rishda yangi tizim Farmon sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimiga ham katta o‘zgarishlar olib keladi. 2027-yil 1-iyuldan boshlab umumiy yurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan, yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilishi belgilangan. Ushbu sudlar jami 319 ta boshqaruv xodimi shtat birligidan iborat bo‘lishi nazarda tutilgan. Yangi tizimning asosiy maqsadi sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda xolislik va samaradorlikni yanada oshirish. E’tiborli jihati shundaki, hududlararo sudlarning yurisdiksiyasi bir nechta hududlarni qamrab oladi. Jumladan, Qashqadaryo hududlararo sudi Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarini, Samarqand hududlararo sudi esa Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlarini qamrab oladi. Bu sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimida yangi institutsional yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Sudga borish emas, adolatga yetishish muhim sud tizimi qanchalik mukammal bo‘lmasin, agar fuqaro unga murojaat qilishda ortiqcha to‘siqlarga duch kelsa, islohotning samarasi to‘liq namoyon bo‘lmaydi. Shu sababli strategiyada sudga murojaat qilishni soddalashtirishga ham alohida e’tibor berilgan. “Yagona darcha” tamoyili asosida da’vo arizasini qaytarish institutini isloh qilish, ish mazkur sudning sudloviga tegishli emasligi sababli arizani qaytarish amaliyotidan voz kechish va uni tegishli sudga o‘tkazish, rasmiy talablardagi ayrim kamchiliklarni sudning faol ko‘magi bilan bartaraf etish kabi mexanizmlar nazarda tutilmoqda. Bu juda muhim o‘zgarish. Chunki fuqaro huquqini himoya qilish uchun sudga murojaat qilganda uning oldida yangi byurokratik to‘siqlar paydo bo‘lmasligi kerak. Fuqaro sud eshigini qoqqanda, sud uning huquqini himoya qilish mexanizmiga aylanishi, yangi muammo manbaiga emas.
Sudya lavozim egasi emas, adolat posboni sud-huquq islohotlarining markazida sudya shaxsi turadi. Chunki qonun qanchalik mukammal bo‘lmasin, uni amalda qo‘llaydigan insonning kasbiy mahorati, dunyoqarashi, halolligi va prinsipialligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Strategiyada “Adolat posbonlari” konsepsiyasi asosida xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiladigan sudyalar korpusini shakllantirish maqsad qilingan. Bu sudyalik kasbiga qo‘yilayotgan talablarning yanada yuksalayotganini anglatadi. Sudya, qonunni chuqur bilishi, xolis va beg‘araz bo‘lishi, har qanday ta’sirdan mustaqil qaror qabul qilishi, inson qadrini ulug‘lashi, qarorini dalil va qonun bilan asoslay olishi, sud jarayoni ishtirokchilariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Zero, sudyaning kuch-qudrati uning lavozimida emas, qonunga sodiqligida.
Sudyalarni ortiqcha vazifalardan ozod etish, mustaqillikka xizmat qiladi. Strategiyada sudyalarni odil sudlov bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish ham muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. 2028-yil 1-yanvardan boshlab sud ma’murchiligi institutini joriy etish, sudyalarni tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashni alohida ma’muriy tizim orqali tashkil etish nazarda tutilmoqda. Buning mazmuni juda aniq, sudyaning asosiy vazifasi, adolatni amalga oshirish. Sudyani ma’muriy va tashkiliy ishlardan qanchalik ozod qilsak, u shunchalik ko‘proq o‘zining bevosita vazifasi, odil sudlovni amalga oshirishga e’tibor qarata oladi.
Bu ustun o‘ziga xos ustun bo‘lib, “Raqamli odil sudlov” zamon bilan hamqadam sud bugun raqamlashtirish hayotimizning barcha sohalariga kirib bormoqda. Sud tizimi ham bu jarayondan chetda qolmaydi. Strategiyada sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliksiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyatini yaratish maqsad qilingan. Raqamli sudlov, bu faqat elektron hujjat almashinuvi emas. Bu insonning vaqtini tejash. Bu axborotga erishishni yengillashtirish. Bu shaffoflikni oshirish, sud tizimida inson omili bilan bog‘liq ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish. Shu bilan birga, Farmon sudlar faoliyatini zamonaviy va kreativ usullarda yoritish, aholining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirishga qaratilgan “Sudya tushuntiradi”, “Rost yoki yolg‘on”, “Sudyaning bir ish kuni”, “Adolat” podkasti kabi media loyihalarni yo‘lga qo‘yishni ham nazarda tutgan. Bu sud tizimining jamiyat bilan muloqotida yangi davr boshlanayotganidan dalolatdir. Jamoatchilik nazorati va ochiqlik, ishonchning yangi mexanizmi, zamonaviy davlat boshqaruvida jamoatchilik bilan muloqot alohida ahamiyat kasb etmoqda. Sud tizimi ham jamiyatdan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Strategiyada Oliy sud huzurida jamoatchilik faollari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, tadbirkorlar va olimlardan iborat Jamoatchilik kengashini tashkil etish belgilangan. Shuningdek, xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida Xalqaro maslahat kengashini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Sud tizimida ochiq muloqot, tahlil va jamoatchilik fikriga e’tibor kuchayishining muhim belgisidir. Sud tizimi qanchalik ochiq bo‘lsa, jamiyat uni shunchalik yaxshi tushunadi. Jamiyat sudni qanchalik yaxshi tushunsa, sudga bo‘lgan ishonch ham shunchalik mustahkamlanadi.
“Xalqaro e’tirof”, O‘zbekiston sud tizimining yangi manzili yangi strategiya milliy sud amaliyotini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishga ham katta ahamiyat bermoqda. Inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish strategiyaning oltinchi ustuni sifatida belgilangan. Shu maqsadda odil sudlov va sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarishi sohasida kamida 6 ta xalqaro tashkilot bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sudlarning topshiriqlari bajarilishi hamda sud qarorlarining tan olinishi va ijroga qaratilishi sohasida kamida 10 ta davlat bilan xalqaro shartnomalar tuzish maqsad qilingan. Bu esa O‘zbekiston sud tizimining xalqaro huquqiy makondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 2030-yil sana emas, yangi mezon “Odil sudlov — 2030” nomi tasodifiy tanlanmagan. Bu yerda 2030-yil oddiy kalendar sanasi emas. U sud tizimining yangi sifat bosqichiga chiqishini anglatuvchi strategik marra. 2030-yilga borib sud:xalqchil bo‘lishi; mustaqil bo‘lishi; ochiq bo‘lishi; raqamlashgan bo‘lishi; inson huquqlarini ishonchli himoya qilishi; qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qarorlar qabul qilishi; xalqaro standartlarga mos ishlashi kerak. Bularning barchasi bir nuqtada tutashadi. U ham bo‘lsa inson ishonchi, eng katta natija, xalqning sudga ishonchidir, har qanday islohotning haqiqiy natijasini faqat yangi binolar, yangi tuzilmalar yoki yangi qonunlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Islohotning haqiqiy natijasi insonning hayotida ko‘rinadi. Fuqaro sudga murojaat qilganda o‘zini himoyalangan deb his qilsa islohot natija bergan. Tadbirkor o‘z huquqi sud orqali xolis himoya qilinishiga ishonsa, islohot natija bergan. Jabrlangan shaxs adolat qaror topishiga ishonsa, islohot natija bergan. Ayblanuvchi ham qonun doirasida o‘z huquqlari himoya qilinayotganini his qilsa, islohot natija bergan. Sudya qaror qabul qilayotganda faqat qonun va adolat mezoniga tayansa, islohot natija bergan. Shu ma’noda, “Odil sudlov — 2030” strategiyasining eng katta maqsadi sudga bo‘lgan ishonchni davlat siyosati darajasida yangi sifat bosqichiga ko‘tarishdir. Adolat, taraqqiyotning eng mustahkam poydevori bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarini keng siyosiy jarayondan ajratib bo‘lmaydi. Chunki kuchli iqtisodiyot, zamonaviy davlat boshqaruvi, tadbirkorlik erkinligi, investitsiyaviy muhit, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati taraqqiyotining barchasi, oxir-oqibat, qonun ustuvorligiga borib taqaladi. Qonun ustuvorligini esa mustaqil, xolis va samarali sudsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Shu nuqtai nazardan, “Odil sudlov — 2030” strategiyasi nafaqat sud tizimining kelajagini belgilaydi. U mamlakatning huquqiy taraqqiyot yo‘nalishini ham belgilab beradi. Bu oddiy islohotlar dasturi emas. Bu sud hokimiyatining yangi qiyofasini shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli strategik dastur. Uning markazida inson, tayanchi qonun ustuvorligi, qalqoni esa ustaqil sud, mezoni adolatli va asoslantirilgan qaror, zamonaviy vositasi raqamli texnologiyalar, maqsadi xalq ishonchi, Farmonda belgilangan vazifalarning barchasi bir-birini to‘ldirib, yagona maqsad, ya’ni inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan, xalqqa yaqin, mustaqil, ochiq va adolatli sud tizimini barpo etishga xizmat qiladi.
Zero, adolat qaror topgan jamiyatda inson o‘zini erkin his qiladi. Inson o‘z huquqi himoyalanganini his qilgan jamiyatda davlatga ishonch mustahkamlanadi. Davlatga ishonch mustahkam bo‘lgan jamiyat esa barqaror taraqqiy etadi. Adolat faqat sud qarorida emas, insonning o‘z huquqi va qadr-qimmati ishonchli himoya qilinganini his qilishida namoyon bo‘ladi. Bugun sud tizimi oldida turgan tarixiy vazifa ham ana shunda sudni shunchaki qaror chiqaradigan idoradan, inson ishonchini oqlaydigan adolat institutiga aylantirish. Bu yo‘lning nomi “Odil sudlov — 2030”. bu yo‘lning maqsadi esa bitta inson qadri, qonun ustuvorligi va adolat davlat siyosatining eng yuksak mezoni bo‘lishidir.
Suhrob Yodgorov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar
sudining tergov sudyasi