Bir guruh kogonlik nuroniylar Qorovulbozor tumaniga tashrif buyurishdi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz hayotidagi ulkan tarixiy sana sifatida keng nishonlanmoqda. Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida mustaqillikning mazmun-mohiyatini teran anglash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar izchil davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, mahalla muhitini yanada mustahkamlash, katta avlod va yoshlar o‘rtasidagi vorisiylik rishtalarini kuchaytirishga qaratilgan ezgu g‘oyalar Buxoro viloyatida ham amaliy mazmun kasb etmoqda.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” g‘oyasi ostida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Buxoro viloyati Kogon shahrining bir guruh nuroniylari cho‘lquvarlar yurti — Qorovulbozor tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrifning dastlabki manzili — “Bo‘zachi” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Buxoro agroklaster chorva” MCHJ bo‘ldi. Nuroniylar korxonada yaratilgan sharoit, ishlab chiqarish jarayonlari, chorvachilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.
Bu yerdagi jarayonlar misolida yurtimizda qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.

Nuroniylar uchun bu tashrif nafaqat yangi korxona faoliyati bilan tanishuv, balki kechagi mehnat tajribasi bilan bugungi zamonaviy yondashuvlarni qiyoslash, taraqqiyotning mazmun-mohiyatini his etish imkoni ham bo‘ldi.
Tashrifning navbatdagi manzili “Navbahor” mahallasida tashkil etilgan “Besh tashabbus markazi” bo‘ldi. Nuroniylar markazda yoshlar uchun yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar, qiziqish va qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar, xotin-qizlar uchun tashkil etilgan psixologik maslahat xonasi faoliyati bilan tanishishdi. Shuningdek, markazda kurash, shaxmat va shashka kabi sport va intellektual mashg‘ulotlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. E’tiborlisi, bu yerdagi uchrashuvlar oddiy tanishuv bilan cheklanib qolmadi. Nuroniylar yoshlar bilan samimiy muloqot davomida ularning orzu-intilishlari, qiziqishlari va kelajak rejalari bilan ham qiziqishdi.
Keksa avlod vakillari o‘z hayot yo‘llarida orttirgan tajribalari, mehnat va izlanishlari, turli sinovlardan chiqargan saboqlari haqida so‘zlab berdilar. Yoshlar esa o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi. Zero, avlodlar muloqoti — o‘tmishni eslashgina emas. U hayotiy tajribani yoshlarga yetkazish, ularni ezgu maqsadlarga ruhlantirish, jamiyatda o‘zaro hurmat va ishonch muhitini mustahkamlashning eng ta’sirchan vositalaridan biridir.

Kun davomidagi tadbirlarning navbatdagi manzili “Farhod” tantanalar majmuasi bo‘ldi. Bu yerda nuroniylar ishtirokida bir piyola choy ustida samimiy ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida keksa avlod vakillari o‘zlari yashagan va mehnat qilgan davr, o‘sha yillardagi hayot sharoiti, imkoniyat va mashaqqatlar haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishdi. Bugungi tinch va osuda hayot, farovon turmush, zamonaviy ta’lim muassasalari, tadbirkorlik va mehnat qilish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagani ta’kidlandi. Ayniqsa, yoshlarga qarata aytilgan fikrlar mazmunli bo‘ldi: imkoniyatning qadri undan oqilona foydalanganda bilinadi. Bugun yosh avlod uchun yaratilgan shart-sharoitlardan samarali foydalanish, bilim olish, kasb-hunar egallash, halol mehnat qilish va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir insonning ezgu maqsadiga aylanishi lozim.
Suhbatlarda yurt tinchligi, oila totuvligi, mahalla hamjihatligi va jamiyat barqarorligini asrashda katta avlodning hayotiy tajribasi bilan yoshlarning shijoati va faolligini birlashtirish muhimligi alohida qayd etildi.
Tadbirlar davomida turli tashabbuslarda faol ishtirok etib, jamoat hayotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh Kogon shahri nuroniylariga Qorovulbozor tumani hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tirof ortida, avvalo, katta avlodga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom mujassam.
Tadbirning badiiy qismida tuman madaniyat bo‘limi ijodiy jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa davraga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Musiqa, samimiy suhbat va dildan aytilgan ezgu tilaklar uyg‘unlashgan uchrashuv barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri