Mahalla– ibratli qadriyatlar qo‘rg‘oni
Har bir insonning hayoti mahalla bilan bevosita bog‘liq. Istiqlol yillarida mahalladek noyob tuzilmaning jamiyatdagi mavqei va maqomini tiklash borasida ibratli tashabbuslar ilgari surildi. Keyingi yillarda bu boradagi ezgu ishlar qamrovi kengaygani diqqatga sazovordir.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida mahallalar rivojiga taalluqli keng qamrovli va tizimli ishlarning 35 tasini sanab o‘tmoqchimiz.
1. Mustaqillik yillarida mahalla instituti ilk bor Bosh qomusimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida mustahkamlandi.
2. “Mahalla institutining huquqiy asoslari yaratildi. 1993-yilda «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinib, 1999-yilda mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
3. Mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi yagona respublika tuzilmasi — O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etildi.
4. 22-mart mamlakatimizda “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e’lon qilindi.
5. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilib, ularning barqaror va samarali faoliyati uchun sharoit yaratildi.
6. “Mahalla yettiligi” tizimi joriy etildi. Joriy etilgan yettilik – rais, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi, ijtimoiy xodim orqali mahalla yagona kuchga aylantirildi.
7. “Mahallalarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili keng joriy etilmoqda. Ushbu tamoyil asosida har bir mahallada osoyishtalikni ta’minlash, xavfsiz va sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan yangi yondashuvlar joriy etilmoqda.
8. “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etildi va har bir mahallada ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish jamg‘armalari shakllantirildi.
9. Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi joriy etildi.
10. “Tashabbusli byudjet” (“Ochiq byudjet”) tizimi joriy etildi. Fuqarolarga mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni ilgari surish va ovoz berish orqali ularni tanlash imkoniyati yaratildi.
11. Mahalla loyihalarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan maqsadli mablag‘lar va grantlar ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.
12. Oilaviy tadbirkorlikni moliyalashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Hokim yordamchisining tavsiyasi asosida imtiyozli kreditlar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
13. Mahalla “yettiligi”ning yagona jamoa sifatida ishlash tizimi joriy etildi. Natijada aholi murojaatlarining salmoqli qismini mahallaning o‘zida hal etish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
14. Elektron platformalar joriy etildi. Mahalla faoliyatini onlayn monitoring qilish va raqamli boshqarish tizimlari yo‘lga qo‘yildi.
15. Tizimda qog‘ozbozlikning kamayishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Aholidan turli ma’lumotnomalar talab qilish amaliyoti bekor qilinib, tizim raqamli bazaga o‘tkazildi.
16. Respublikadagi barcha mahalla idoralari zamonaviy kompyuter texnikasi va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi.

17. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hayotga faol joriy etilmoqda. Dasturlar doirasida minglab mahallalarda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
18. Mahallalarda ichki yo‘llar infratuzilmasi yaxshilanmoqda. Chekka va ta’mirtalab mahallalarda ichki ko‘chalarni asfaltlash, shag‘allashtirish va tosh qoplamalarini yotqizish ishlari kengaytirilmoqda.
19. Mahallalarda elektr ta’minoti va ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilash ishlari kengaytirildi. Eski transformatorlar yangilanib, yangi elektr tarmoqlari hamda ichimlik suvi tarmoqlari bosqichma-bosqich barpo etilmoqda.
20. Zamonaviy mahalla markazlari barpo etilishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun barcha qulayliklarga ega yangi xizmat binolari barpo etildi.
21. “Temir daftar” tizimi joriy etildi. Kam ta’minlangan oilalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaratildi.
22. “Ayollar daftari” tizimi bo‘yicha xotin-qizlar muammolarini mahalla darajasida aniqlash va hal etish yo‘lga qo‘yildi.
23. “Yoshlar daftari” tizimi asosida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
24. Kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi. Mahallabay ishlash natijasida aholini daromadli mehnatga jalb etish va doimiy ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
25. Xotin-qizlar faollari lavozimi joriy etildi. Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqlarini himoya qilish mahalla darajasiga ko‘tarildi.
26. Navbatdagi katta qadam sifatida mahallalarda yolg‘iz keksalar va nogironligi bor shaxslar bilan ishlaydigan ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
27. Profilaktika inspektorlarining mahallada yashashi yo‘lga qo‘yildi. Inspektorlar uchun mahallaning o‘zidan xizmat uylari ajratilib, aholi xavfsizligi tunu kun nazoratga olindi.
28. Jinoyatchilikdan xoli mahallalar orta boshladi. Tizimli ishlar natijasida minglab mahallalarda yil davomida umuman jinoyat sodir etilmasligiga erishildi.
29. Oilaviy ajrimlar kamaymoqda. Mahalla faollari va keksalar palatasi tufayli nizoli oilalarni yarashtirish ko‘rsatkichi yaxshilandi.
30. Mahallalarda boy hayotiy tajribaga ega keksa avlod vakillarining tarbiyadagi roli kuchaytirildi.
31. Yoshlar yetakchilari instituti joriy etildi. Mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va to‘garaklarga jalb qilish tizimi yaratildi.
32. "Besh tashabbus" olimpiadasi ta’sis etildi. Mahalla yoshlari o‘rtasida ommaviy sport va madaniyatni rivojlantiruvchi yirik musobaqalar an’anaga aylandi.
33. Milliy qadriyatlar tiklanishiga e’tibor kuchaydi. Hasharlar, mahalla bayramlari va milliy an’analarni asrab-avaylashda mahalla asosiy maskanga aylandi.
34. Mahalla tizimi noyob demokratik institut sifatida dunyo hamjamiyati va xorijiy davlatlar tomonidan o‘rganila boshlandi.
35. Mamlakatimizda mahallalar faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan soha faollarini Vatanimizning yuksak mukofotlari, faxriy unvonlari bilan taqdirlash keng yo‘lga qo‘yildi.
Mahalla – milliy qadriyatimizning ajralmas bo‘lagi. Mustaqillik yillarida unga bo‘lgan e’tiborning kuchayishi xalq ma’naviyati, ijtimoiy himoyasiga bo‘lgan g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA