UEFA FIFA musobaqalarini boykot qilish fikridan qaytmoqda
Mojaroga FIFAning jahon chempionati va boshqa yirik turnirlardagi tijoriy ulushlarning bir qismini xususiy investorlarga berish rejasi sabab bo‘lgandi.
UEFA FIFA musobaqalarini boykot qilish bo‘yicha ilgari bildirgan tahdidini bekor qilishga yaqin. Reuters manbalariga ko‘ra, bu masala 27-avgust kuni Monakoda muhokama qilinadi va Yevropa futbol tashkiloti o‘z pozitsiyasini yumshatishi kutilmoqda.
Mojaroga FIFAning jahon chempionati va boshqa yirik turnirlardagi tijoriy ulushlarning bir qismini xususiy investorlarga berish rejasi sabab bo‘lgandi. FFE (FIFA Forward Enterprise) deb nomlangan loyiha Yevropada keskin norozilik uyg‘otgan va UEFAning barcha 55 milliy assotsiatsiyasi bunga qarshi chiqqandi.
O‘shanda Yevropa tomoni FIFAga ikkita asosiy talab qo‘ygandi: bahsli loyiha butunlay bekor qilinishi va kelajakda shunga o‘xshash tashabbus qayta ko‘tarilmasligiga kafolat berilishi kerak edi. Aks holda, UEFAga a’zo terma jamoalar FIFA turnirlarida qatnashmasligi ma’lum qilingan.
FIFA keyinchalik kuchli bosim ostida mazkur rejasidan voz kechdi. Reuters yozishicha, UEFA endi bunday tashabbus qayta tiklanmasligi bo‘yicha yetarli kafolat olgan deb hisoblamoqda. Shu sabab boykotni davom ettirishga asos qolmagani haqida Monakodagi yig‘ilishda ma’lum qilinishi kutilmoqda.
Bu qaror UEFAning Janni Infantino boshqaruviga munosabati o‘zgarganini anglatmaydi. Yevropa futbolidagi norozilik saqlanib qolmoqda va FIFA boshqaruvida o‘zgarishlar qilish talabi davom ettirilishi aytilmoqda.
Reuters manbasiga ko‘ra, boykotdan voz kechish ortga chekinish sifatida ko‘rilmayapti. UEFA, avvalo, yosh futbolchilarni xalqaro turnirlarda qatnashish imkoniyatidan mahrum qilmaslikni maqsad qilgan.
Xususan, bu masala 5-sentabr kuni Polshada boshlanadigan U-20 ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati oldidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.