Uchrashuv: elektr energiyasi ta’minoti va qo‘shma loyihalar kun tartibida
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini ta’minlash hamda mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Ayni shu masalalar bugun O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Altinbek Risbekov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning energetika sohasidagi hamkorligi bugungi holati va uni yanada rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona va qardoshlik munosabatlari, ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va qo‘shma tashabbuslari energetika sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa mintaqada energetika xavfsizligini mustahkamlash va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Muzokaralar davomida elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish va tranzit qilish, Markaziy Osiyo yagona energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, shuningdek, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida hamkorlikdagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, mintaqaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘shma loyihalar, jumladan, “Qambarota GES-1” loyihasini amalga oshirish yuzasidan ham so‘z yuritildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish hamda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA