Turkiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik: Tovar savdosidan yagona ishlab chiqarish va raqamli infratuzilma tizimiga o‘tish davri
Turkiy davlatlar tashkilotining Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan 13-sammiti arafasida tashkilot doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi amaliy bosqichga qadam qo‘ymoqda. Bugungi kunda savdo va investitsiyalardan tashqari sanoat kooperatsiyasi, transport yo‘laklari hamda raqamli texnologiyalar integratsiyasi asosiy o‘ringa chiqmoqda.
Xo‘sh, bu jarayonlar O‘zbekiston uchun qanday yangi imkoniyatlarni ochadi va TDT makonidagi iqtisodiy munosabatlar qaysi yo‘nalishlarda rivojlanmoqda?
Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Latofat Bo‘riyeva bilan suhbatlashdik.

– TDT makoni umumiy YAIMi va tashqi savdo aylanmasi jihatidan ulkan iqtisodiy salohiyatga ega ekani ko‘rinib turibdi. Ammo statistik raqamlar katta bo‘lishiga qaramay, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi hali imkoniyatlarga nisbatan cheklangani aytiladi. Shu ma’noda, keyingi bosqichda asosiy e’tibor nimalarga qaratilishi va turkiy davlatlar iqtisodiyotlarining o‘zaro farqli tarkibi bu borada qanday imkoniyatlar yaratishi mumkin?
– Turkiy davlatlar tashkiloti bugun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropa bozorlarini bog‘laydigan yirik iqtisodiy hududlardan birini qamrab olmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, TDT mamlakatlarining umumiy nominal YAIMi qariyb 2,3 trillion dollar, xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha esa 6,2 trillion dollardan ziyod bo‘lgan. Ularning umumiy tashqi savdo aylanmasi 1,2 trillion dollardan oshgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar TDT makonidagi iqtisodiy hamkorlik uchun katta bozor mavjudligini ko‘rsatadi. Biroq, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Tashkilot mamlakatlarining tashqi savdosi katta bo‘lishiga qaramay, ular o‘rtasidagi savdoning mavjud iqtisodiy salohiyatga nisbatan hajmi hali cheklangan. Shu sababli keyingi bosqichda asosiy masala tovar ayirboshlash hajmini oddiy ko‘paytirishdan sanoat kooperatsiyasi, transport xarajatlarini kamaytirish va umumiy investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga o‘tib bormoqda.
TDT mamlakatlari iqtisodiyotlarining o‘zaro farqli tarkibi bunday kooperatsiya uchun imkoniyat yaratadi. Turkiya mashinasozlik, avtomobil sanoati, elektrotexnika, to‘qimachilik va kimyo sohalarida katta ishlab chiqarish bazasiga ega. Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika resurslari bilan birga metallurgiya va neft-kimyo tarmoqlarida salmoqli o‘rin egallaydi. O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati, elektrotexnika, avtomobilsozlik, kimyo, oziq-ovqat sanoati va rangli metallurgiya rivojlanmoqda. Qirg‘izistonning yengil sanoat va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari ham umumiy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha baza beradi.
Shu jihatdan TDT doirasidagi integratsiyaning iqtisodiy natijasi faqat o‘zaro savdo hajmi bilan emas, balki mamlakatlar korxonalari bir-birining ishlab chiqarish zanjirlariga qay darajada kirib borishi bilan ham belgilanadi.
– Mamlakatimizning tashqi savdo aloqalarida turkiy davlatlarning o‘rni qanday va oxirgi yillarda O‘zbekistonning TDT makonidagi eksport-import ko‘rsatkichlari, jumladan, tovarlar tarkibi qanday sifat o‘zgarishlarini ko‘rsatmoqda?
– O‘zbekiston uchun turkiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar tashqi savdoni diversifikatsiya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
2025-yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetdi. Shundan eksport 33,8 milliard dollar, import 47,4 milliard dollarni tashkil qildi. Mamlakatning yirik savdo sheriklari qatorida Qozog‘iston bilan tovar aylanmasi 5 milliard dollar, Turkiya bilan 3 milliard dollarni tashkil etdi.
Qozog‘iston va Turkiyaning o‘zi O‘zbekiston tashqi savdosining qariyb o‘ndan bir qismini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Vengriya bilan iqtisodiy aloqalar qo‘shilganda, TDT makoni O‘zbekiston uchun alohida mintaqaviy savdo bozori sifatida namoyon bo‘ladi.
So‘nggi yillardagi o‘sishda eksport ham muhim rol o‘ynadi. 2025-yilda O‘zbekiston Qozog‘istonga 1,5 milliard dollar, Turkiyaga 1,1 milliard dollar, Qirg‘izistonga 771,1 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qildi.
Savdoning tovar tarkibi iqtisodiy hamkorlikning sifat jihatidan ham o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. 2025-yilda O‘zbekistonning TDT mamlakatlariga eksportida sanoat mahsulotlari 28,2 foiz, mashina va transport uskunalari 19 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 11,1 foiz, kimyo mahsulotlari 10 foiz, xizmatlar 12,7 foiz ulushga ega bo‘lgan. Importda oziq-ovqat mahsulotlari 22,8 foiz, mineral yoqilg‘i 20,3 foiz, sanoat tovarlari 18,1 foiz, mashina va transport uskunalari 12,9 foizni tashkil etgan.
Bunday struktura ikki muhim xususiyatni ko‘rsatadi. Birinchidan, O‘zbekistonning TDT bozoriga eksporti xomashyo bilan cheklanmaydi va unda sanoat tovarlari hamda mashinalarning salmog‘i yuqori. Ikkinchidan, import tarkibida energiya resurslari, sanoat tovarlari va uskunalarning mavjudligi TDT mamlakatlari bilan savdo ichki ishlab chiqarish jarayonlari bilan ham bog‘liq ekanini anglatadi.
Shu sababli keyingi bosqichda tovar ayirboshlash hajmidan tashqari o‘zaro sanoat kooperatsiyasi darajasi ham muhim ko‘rsatkich bo‘lib boradi.
– Savdo hajmi oshib borayotganiga qaramay, hali to‘liq ishga solinmagan zaxiralar ham borligini ta’kidlayapsiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston TDT davlatlariga eksportni qariyb 3 milliard dollarga oshirish imkoniyatiga ega ekan. Ushbu katta rezerv asosan qaysi bozorlarga to‘g‘ri keladi va ularni amalga oshirish uchun eksportchilarimiz oldida qanday muhim vazifalar turibdi?
– Markazimiz hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston TDT mamlakatlariga eksportni qo‘shimcha 2,7 milliard dollarga oshirish imkoniyatiga ega. Eng katta rezerv Turkiya bozoriga to‘g‘ri keladi – 1,8 milliard dollar. Qozog‘iston bo‘yicha qo‘shimcha eksport imkoniyati 500 million dollar, Vengriya bo‘yicha 200 million dollar, Qirg‘iziston bo‘yicha 100 million dollar deb baholangan.
Bu yerda eksportni oshirish uchun bozor hajmining o‘zi yetarli emas. Mahsulot sifati, standartlarni o‘zaro tan olish, sertifikatlash, transport xarajatlari, yetkazib berish muddati va savdoni moliyalashtirish mexanizmlari eksportchining raqobatbardoshligiga bevosita ta’sir qiladi.
Ayniqsa, agrar va oziq-ovqat mahsulotlarida imkoniyat katta. TDT mamlakatlarining umumiy qishloq xo‘jaligi bozori taxminan 72 milliard dollar deb baholanadi. O‘zbekiston uchun meva-sabzavot, qayta ishlangan oziq-ovqat, to‘qimachilik mahsulotlari, elektrotexnika, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va polimerlar eksportni kengaytirish mumkin bo‘lgan tovar guruhlari qatoriga kiradi.
Eksport rezervining katta qismi Turkiya va Qozog‘istonga to‘g‘ri kelishi ham iqtisodiy jihatdan ahamiyatli. Turkiya katta iste’mol bozori bilan birga Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqish imkonini beradi. Qozog‘iston esa geografik yaqinligi, umumiy transport tarmoqlari va Markaziy Osiyodagi ishlab chiqarish zanjirlari tufayli O‘zbekiston korxonalari uchun tabiiy kooperatsiya sherigi hisoblanadi.
Shu ma’noda 2,7 milliard dollarlik eksport rezervini amalga oshirish masalasi ishlab chiqarish, logistika va savdo siyosatining birgalikdagi vazifasiga aylanadi.
– Savdo aloqalari bilan birga TDT mamlakatlaridan yurtimizga investitsiyalar oqimi ham sezilarli darajada oshganini ko‘rish mumkin. Xususan, so‘nggi yillarda qancha miqdorda investitsiyalar jalb qilindi va bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar hamda qo‘shma sanoat loyihalari iqtisodiyotimizni uzoq muddatga bog‘lashda qanday sifat o‘zgarishlarini yaratmoqda?
– Savdo aloqalari bilan bir vaqtda TDT mamlakatlaridan O‘zbekistonga investitsiyalar oqimi ham sezilarli oshdi.
2017-2025-yillarda TDT mamlakatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 11,5 milliard dollardan oshdi. Faqat 2025-yilning o‘zida 3,8 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Turkiya 2,4 milliard dollar bilan TDT mamlakatlari orasida O‘zbekistonning yirik investori bo‘lgan. Mablag‘lar asosan qayta ishlash sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va logistikaga yo‘naltirilgan.
2026-yil aprel holatiga mamlakatda TDT davlatlari kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritgan.
Korxonalar sonining ko‘payishi iqtisodiy munosabatlarda muhim sifat o‘zgarishini anglatadi. Savdo tovar chegarani kesib o‘tgan paytda yakunlanadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya esa mamlakatlar iqtisodiyotlarini uzoq muddatga bog‘laydi – kapital, texnologiya, ish o‘rinlari, mahalliy yetkazib beruvchilar va eksport kanallari orqali.
Shu sababli TDT doirasida qo‘shma sanoat loyihalarining ko‘payishi o‘zaro savdoning keyingi o‘sishi uchun ham baza bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Masalan, bir mamlakatda ishlab chiqarilgan butlovchi qism ikkinchi mamlakatda tayyor mahsulotga aylantirilib, uchinchi bozorga eksport qilinsa, savdo statistikasi ortida yagona ishlab chiqarish zanjiri paydo bo‘ladi. Turkiy davlatlar iqtisodiyotlarining ixtisoslashuvidagi farq aynan shunday model uchun imkoniyat yaratadi.
– Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyatiga to‘xtalsak. Uning ustav kapitali 600 million AQSH dollariga yetkazilganini ko‘rdik, ammo asosiy gap uning boshqa moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish imkoniyatida ekan. Ayni paytda bunday qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlari biznesimiz uchun qanday amaliy natijalar bermoqda?
– TDT iqtisodiy arxitekturasidagi eng muhim institutsional o‘zgarishlardan biri Turkiy investitsiya jamg‘armasining amaliy faoliyatga o‘tishi bo‘ldi. 2025-yilda uning ustav kapitali 500 million dollardan 600 million dollarga oshirildi. O‘zbekistonning ulushi 100 million dollarni tashkil etadi.
Jamg‘armaning iqtisodiy ahamiyati faqat uning o‘z kapitali hajmi bilan o‘lchanmaydi. Asosiy masala ushbu kapitaldan boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish uchun foydalanish imkoniyatidadir.
2026-yil 17-iyunda Turkiy investitsiya jamg‘armasi va Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibidagi Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi o‘rtasida 50 million dollargacha bo‘lgan islomiy qo‘shma moliyalashtirish dasturi bo‘yicha bitim imzolandi. Dastur Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistonda mahalliy moliya institutlari orqali kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni nazarda tutadi.
1-iyulda yana bir amaliy model paydo bo‘ldi. Turkiy investitsiya jamg‘armasi Qozog‘istonda KMF Bank’ka 10 million dollargacha, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki esa 50 million dollargacha moliyalashtirish ajratish bo‘yicha bitim imzoladi. Umumiy resurs mikro, kichik va o‘rta korxonalarni kreditlashni kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Ushbu ikki misol yangi tendensiyani ko‘rsatadi. Jamg‘arma o‘z mablag‘larini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqsimlaydigan institut bo‘lish bilan cheklanmay, xalqaro moliya resurslarini TDT hududidagi loyihalarga jalb qilish platformasiga aylanishi mumkin.
Bunday yondashuv Jamg‘armaning 600 million dollarlik kapitaliga nisbatan ancha katta hajmdagi investitsiyalarni safarbar qilish imkonini beradi. Ayniqsa, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, raqamli infratuzilma va kichik biznes loyihalari uchun bunday mexanizm muhim ahamiyat kasb etadi.
– Logistika va transport xarajatlari eksportimiz raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, dengizga chiqish imkoniyati cheklangan sharoitda «O‘rta koridor» hamda yangi temir yo‘llar qatorida chegara va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish tadbirkorlarimizga qanday yengilliklar yaratmoqda?
– TDT makonida savdoning yana bir muhim omili transport xarajatlari va yetkazib berish muddatlaridir. Markaziy Osiyo mamlakatlarining dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati cheklangani sababli logistika xarajatlari eksport raqobatbardoshligiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyaga, undan Yevropa bozorlariga chiquvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi – O‘rta koridor – TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning muhim infratuzilmaviy asoslaridan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalishning ahamiyati qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bilan yanada ortadi. Yangi temir yo‘l tarmog‘ini Kaspiy yo‘nalishi bilan bog‘lash Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Kavkaz va Yevropaga chiqadigan Sharq-G‘arb logistika zanjirida O‘zbekistonning ishtirokini kengaytirishi mumkin.
Lekin zamonaviy transport koridori faqat temir yo‘l va avtomobil yo‘lidan iborat emas. Chegaradan o‘tish, ruxsatnoma, bojxona deklaratsiyasi, yuk xati va yukni kuzatish tizimlari ham tashish vaqti va xarajatlariga ta’sir qiladi. Shu sababli TDT transport siyosatida raqamlashtirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida e-Permit elektron ruxsatnomalar tizimi joriy qilindi. 2026-yil 23-aprelda Bishkekda o‘tkazilgan TDT transport vazirlarining 9-yig‘ilishida uning amalga oshirilishi ijobiy baholandi va e-CMR elektron xalqaro tovar-transport yuk xatini joriy etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
O‘zbekiston Prezidenti may oyidagi Turkiston sammitida E-Permit tizimi TDTga a’zo mamlakatlar bilan to‘liq ishga tushirilganini ta’kidlab, O‘rta koridorni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash, soddalashtirilgan bojxona koridorini rivojlantirish, ma’lumot almashinuvi va yuklarni kuzatish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Bu jarayonlarning barchasi bir tizimda ishlasa, TDT hududida tovarning harakati bilan birga hujjat va ma’lumotlarning ham raqamli harakatini ta’minlaydigan logistika muhiti paydo bo‘ladi.
Iqtisodiy nuqtai nazardan natija oddiy – chegarada kamroq vaqt, kamroq ma’muriy xarajat va eksportchi uchun yetkazib berish muddatini aniqroq rejalashtirish imkoniyati.
– An’anaviy transport yo‘laklaridan tashqari, bugungi kunda «Raqamli turkiy koridor» va sun’iy intellektni joriy etish masalalari kun tartibiga chiqmoqda. Mintaqada fizik va raqamli infratuzilmalarning o‘zaro uyg‘unlashuvi iqtisodiyotimizga qanday yangi imkoniyatlarni ochib beradi?
– 15-may kuni Turkistonda «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusida o‘tkazilgan norasmiy sammitda raqamli infratuzilma, innovatsion texnologiyalar va sun’iy intellektni amaliy qo‘llash masalalari alohida muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomonidan «Raqamli turkiy koridor» konsepsiyasini ishlab chiqish taklif qilindi. Uning mazmuni mintaqa davlatlaridagi data-markazlarni yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlik tarmog‘ini tashkil etish, Toshkentda Texnologiyalar forumini o‘tkazish va mamlakatlar o‘rtasida texnologik hamkorlikni kuchaytirish tashabbuslari ilgari surildi.
Bu yerda transport va raqamli integratsiya o‘rtasida o‘xshashlik mavjud. O‘rta koridor tovarlar harakatini ta’minlasa, «Raqamli turkiy koridor» ma’lumotlar harakatini tezlashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Natijada TDT makonida integratsiyaning ikki parallel infratuzilmasi paydo bo‘ladi – fizik va raqamli.
Birinchi yo‘nalish avtomobil va temir yo‘llar, portlar, logistika markazlari va bojxona infratuzilmasini qamrab oladi. Ikkinchisi data-markazlar, telekommunikatsiya kanallari, bulutli hisoblash, sun’iy intellekt infratuzilmasi va raqamli xizmatlar bilan bog‘liq.
Ularning o‘zaro bog‘lanishi elektron savdo, raqamli logistika, fintex, transchegaraviy xizmatlar va ishlab chiqarishni raqamli boshqarish kabi yangi iqtisodiy faoliyat turlarini kengaytirishi mumkin.
– TDT doirasida ilgari faqat sammitlar va ikki tomonlama bitimlar ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, endilikda moliya, transport va raqamli sohalarda alohida institutlar shakllanmoqda. Biznes vakillari uchun bunday mexanizmlarning bir-birini to‘ldirishi nimasi bilan ahamiyatli?
– TDT doirasidagi o‘zgarishlarning yana bir xususiyati iqtisodiy hamkorlik uchun doimiy institutlar paydo bo‘layotganidir. Avval hamkorlik asosan davlat rahbarlari sammitlari, hukumatlararo uchrashuvlar va ikki tomonlama bitimlarga tayangan bo‘lsa, hozir moliya, transport va raqamli iqtisodiyotda alohida mexanizmlar shakllanmoqda.
Turkiy investitsiya jamg‘armasi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mexanizmini yaratmoqda. E-Permit va e-CMR transport hujjatlarini raqamlashtirishga xizmat qilmoqda. Raqamli koridor tashabbusi esa ma’lumotlar infratuzilmasini o‘zaro bog‘lashni ko‘zda tutadi. Bunday institutlarning iqtisodiy ahamiyati ularning alohida mavjudligida emas, balki bir-birini to‘ldirishida.
Masalan, O‘zbekiston korxonasining Turkiyada yangi bozorga chiqishi uchun faqat bojxona tarifining past bo‘lishi yetarli emas. Korxonaga moliyalashtirish, sertifikatlash, transport, raqamli hujjatlar, tezkor to‘lov va barqaror logistika ham kerak.
Shuning uchun integratsiya samarasi savdo to‘siqlarini kamaytirish bilan birga savdoga xizmat qiluvchi butun infratuzilmani rivojlantirish darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
– Anqara sammiti va kelgusi yillarga mo‘ljallangan yangi strategiya bu bog‘lanishlarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Umuman olganda, TDT doirasidagi hamkorlikning kelajagini qanday xulosa bilan yakunlaymiz?
– TDTning Anqarada o‘tkaziladigan 13-sammitiga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Tashkilot Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan 8-sentabrda sammitning tashkiliy va mazmuniy masalalari hamda kutilayotgan natijalarini muhokama qildi.
Muhokamalarda yana bir muhim hujjat – TDTning 2027-2031-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ham ko‘rib chiqildi. U kelgusi davrda Tashkilot faoliyati va ustuvor yo‘nalishlarining strategik asosini belgilashi kutilmoqda. Shu nuqtai nazardan Anqara sammiti TDT iqtisodiy hamkorligining keyingi bosqichi uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
So‘nggi yillarda shakllangan tendensiya aniq ko‘rinadi. Dastlab asosiy e’tibor savdo hajmini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, endilikda tovar ayirboshlashni investitsiyalar, transport infratuzilmasi, moliya institutlari va raqamli texnologiyalar bilan bog‘lash jarayoni kuchaymoqda.
O‘zbekiston uchun asosiy vazifa mavjud 2,7 milliard dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyatini amaliy savdoga aylantirish, TDT mamlakatlari bilan qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish, transport xarajatlarini kamaytirish va yangi moliyaviy mexanizmlardan xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda foydalanishdan iborat.
Natijada TDT doirasidagi iqtisodiy integratsiyani baholash mezonlari ham o‘zgarib boradi. Savdo aylanmasi va investitsiyalar hajmi asosiy ko‘rsatkich bo‘lib qoladi, lekin ular qatoriga yetkazib berish muddati, logistika xarajatlari, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma loyihalar, raqamli xizmatlar va jalb qilingan xususiy kapital kabi ko‘rsatkichlar ham kirib boradi.
Aynan shu jihat turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi iqtisodiy mazmunini belgilaydi – tovarlar savdosidan o‘zaro bog‘langan ishlab chiqarish, transport, moliya va raqamli infratuzilma tizimiga o‘tish.
Mohigul Qosimova suhbatlashdi.
O‘zA