Uchqo‘rg‘on dalalarida dronlardan samarali foydalanilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida paxtachilikda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hisobiga hosildorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada tomchilatib sug‘orish, “Shinjon” usuli va dronlardan foydalanish yaxshi samara bermoqda.
Tumanda qariyb 7 ming gektar maydonda paxta parvarishlanmoqda. Uning 2 ming 300 gektarida “Shinjon” usuli asosida 76×10 sxemasida qo‘shqator ekish va tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Bu suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekinlarning oziqlanishini yaxshilash hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda paxta maydonlarida zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish ishlarida dronlardan keng foydalanilmoqda. Havodan turib amalga oshirilayotgan kimyoviy ishlovlar agrotexnik tadbirlarni qisqa muddatda va sifatli bajarish, ekinlarga zarar yetkazmaslik hamda mehnat va texnika xarajatlarini kamaytirish imkonini yaratmoqda.
[gallery-30575]
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dron yordamida 30 gektar paxta maydoniga ikki soat ichida ishlov berish mumkin. Bu esa vaqtni tejash, yoqilg‘i sarfini qisqartirish va zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi tezkor chora ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi qishloq xo‘jaligida resurslardan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish va tarmoqning raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADAVLIEV (surat), O‘zA