Uch avlod – bir maktab: tarix, ehtirom va ma’naviy meros
Buxoro shahridagi 10-umumta’lim maktabi tashkil etilganining 90 yilligi munosabati bilan “Uch avlod – bir maktab” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda turli avlod vakillari – faxriy ustozlar, maktabning sobiq bitiruvchilari, bugungi pedagoglar hamda o‘quvchilar jam bo‘ldi.
Ta’lim muassasasining 90 yillik tarixi, o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuqlar, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish yo‘lida fidokorona mehnat qilgan ustozlarning xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, turli yillarda maktabga rahbarlik qilgan, uning rivojiga munosib hissa qo‘shgan pedagoglar faoliyati yodga olindi. Ularning ibratli hayot yo‘li, ta’lim sohasidagi samarali mehnati va shogirdlar tarbiyasidagi o‘rni haqida iliq fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida namoyish etilgan “Ustozlarga ehtirom”, “Xotiralar so‘zlaydi” mavzularidagi chiqishlar, tarixiy lavhalar va videoroliklar ishtirokchilarni maktabning o‘tmishi bilan yana bir bor oshno etdi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar bayramga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
[gallery-32023]
Ayniqsa, faxriy ustozlar va ularning sobiq shogirdlari o‘rtasidagi samimiy muloqotlar, maktab yillari bilan bog‘liq xotiralar barchada unutilmas taassurot qoldirdi.
Zero, yillar o‘tsa-da, ustoz mehri, uning o‘gitlari va bergan bilimi shogirdlar qalbida umrbod saqlanadi. Avlodlar o‘rtasidagi ana shunday ma’naviy rishta esa ta’lim dargohining eng bebaho boyligidir.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA