Ijodkorlar bilan uchrashuvlar yoshlarga ilhom bag‘ishladi
Farg‘ona davlat texnika universitetida adabiyot va ma’naviyat targ‘iboti, yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish maqsadida taniqli ijodkorlar ishtirokida adabiy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqotlar Toshloq tumanidagi umumta’lim maktablarida ham davom etdi.
Tadbirlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va publitsist Ashurali Jo‘rayev, shoir, tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Faxriddin Hayot ishtirok etdi.
Dastlab ijodkorlar universitet rektori, professor Rustam Tojiyev bilan uchrashdi. Samimiy muloqotda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, badiiy adabiyotning shaxs kamolotidagi o‘rni xususida fikr almashildi. Ayniqsa, texnika va texnologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning kitobxonlikka qiziqishini oshirish, ijodiy tafakkuri va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Universitet Madaniyat saroyida tashkil etilgan adabiy uchrashuvda qalam ahli o‘z ijod yo‘li, hayotiy tajribasi va adabiyot olamidagi izlanishlari haqida so‘z yuritdi. She’riyat va nasrning inson ma’naviyatiga ta’siri, mutolaaning tafakkurni boyitishdagi ahamiyati xususida qizg‘in suhbat qurildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
— Yoshlar bilan uchrashuvlar biz, ijodkorlar uchun hamisha qadrli. Kitob insonni fikrlashga, hayotga teran nazar bilan qarashga o‘rgatadi. Texnika va texnologiya sohasini tanlagan yoshlarning ham adabiyotga oshno bo‘lishi ularning tafakkurini boyitadi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova.
Tashrif doirasida ijodkorlar «Yashil makon» umummilliy loyihasiga ham o‘z hissasini qo‘shdi. Universitet hududida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, yoshlarni tabiatga mehr va atrof-muhitga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga undadi.
Adabiy-ma’rifiy muloqotlar Toshloq tumanidagi umumta’lim maktablarida davom etdi. Xususan, Faxriddin Hayot 9-umumta’lim maktabida, Zulfiya Mo‘minova 12-maktabda, Ashurali Jo‘rayev esa 42-maktabda o‘quvchilar bilan uchrashdi.
[gallery-31961]
Uchrashuvlarda ijodkorlar kitobning inson hayotidagi o‘rni, adabiyotga muhabbat, ijod mashaqqati va uning zavqi haqida so‘zlab berdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taniqli qalam ahli bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning adabiyotga qiziqishini kuchaytirish, ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA