Ubaydulla Uvatov xotirasi – ilmiy meros va ma’rifatga ehtirom namunasi
Toshkent shahrida buyuk islomshunos olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi hamda “Munavvar hayot va ilm sohibi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda ilm-fan, ta’lim va ma’naviyat sohasi vakillari, olimning shogirdlari va hamkasblari ishtirok etdi.
Ubaydulla Uvatov hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va mutaxassislar U.Uvatovning Amir Temur davri tarixini arab manbalari asosida tadqiq etgani, shuningdek, milliy ilmiy merosni tiklash va targ‘ib etishdagi xizmatlarini yuksak baholadi.
Tadbir davomida olim haqida xotiralar bildirilib, uning ustoz sifatidagi fazilatlari, shogirdlar tayyorlashdagi hissasi alohida e’tirof etildi. So‘zga chiqqanlar Ubaydulla Uvatovning ilmiy merosi bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega ekanini, ayniqsa, yosh avlodni ma’rifat va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, tadbir doirasida olim hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Munavvar hayot va ilm sohibi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu to‘plamda turli mualliflar tomonidan yozilgan maqolalar jamlanib, Ubaydulla Uvatovning ilmiy va insoniy qiyofasi keng yoritilgan.
Anjuman yakunida ishtirokchilar olimning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etishni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Tadbir ma’rifatparvar olim xotirasiga yuksak ehtirom ifodasi sifatida o‘tdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA