U19 jahon chempionatida 4 nafar bokschimiz yarim finalga yo‘l oldi
Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha U19 jahon chempionati davom etmoqda. Musobaqaning navbatdagi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Xususan, -48 kg. vazn toifasida Muxtasar Aliyeva ozarbayjonlik Banuchechak Nasirliga qarshi ringga ko‘tarildi. Hamyurtimiz ishonchli harakat qilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, -70 kg. vaznda Maftuna Yangiyeva rossiyalik Aleksandra Koshelevaga qarshi bahs olib bordi. Jang davomida ustunlikni saqlab qolgan hamyurtimiz 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
-85 kg. vazndagi hamyurtimiz Sardorbek Bahromxo‘jayev chorak finalda gretsiyalik Ioannis Poumpouridisga qarshi ringga ko‘tarildi va 4:1 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, -90 kg. vazn toifasida Asadbek Sultanbayev rossiyalik Temirsultan Temirsultanovni 4:1 hisobida taslim etgan holda yarim final bosqichiga chiqdi. +90 kg. vazndagi Islom Salihov ham chorak finalda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U AQSH vakili Styuart Ridni birinchi raunddayoq texnik nokautga uchratdi.
Bugun navbatdagi bellashuvlarda Elyor Rustamov (55 kg) braziliyalik Gustavo Enrike Silvaga, Sevara Mamatova (60 kg) angliyalik Leksi Uokerga, Nazokat Mardonova (51 kg) irlandiyalik Keyli Birnga qarshi jang qiladi.
Bundan tashqari, Zulfiqor Adhamjonov (70 kg) ukrainalik Aleksandr Kravchenko, Suhrob Rahmatullayev (75 kg) avstraliyalik Taulialiya Gideon Senson, Abrorbek Sharipov (80 kg) esa rossiyalik Proxor Starsev bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA