“Paxtakor” murabbiyi shogirdlaridan norozimi?
Ma’lumki, superliga 25-turida “Paxtakor” o‘z maydonida “Neftchi” bilan kuch sinashdi. Mazkur bellashuv chempionlik masalasiga katta ta’sir o‘tkazardi. O‘yindan oldin “Neftchi” “Paxtakor”dan 2 ochko oldinda borayotgandi va qaysi jamoa g‘alaba qozongan taqdirda ham turnir yakunlanishiga 5 tur qolganda chempionlik imkoniyati o‘sha jamoada keskin oshardi.
“Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs “sherlar”ning katta ustunligi bilan boshlandi. Ketma-ket hujumlar golga aylanavermadi. Biroq 22-daqiqada “sherlar” penalti ishlashga muvaffaq bo‘ldi. 11 metrlik nuqtadan esa Dostonbek Hamdamov gol urib jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi taymda yana har ikki jamoada imkoniyatlar bo‘ldi, biroq taym shu hisobda yakunlandi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yin “Neftchi” ustunligida o‘tdi. Tanaffusdan so‘ng o‘yin tubdan o‘zgardi, desak bo‘ladi. Mana shu ustunlikni yakunda farg‘onaliklar hisobga ham ko‘chira oldi. Dastlab Peritsa Alisher Odilovning solo yurishidan so‘ng bergan uzatmasi orqali muvozanatni tikladi. Keyin esa “Neftchi” legioneri Koffi Koao jamoasini oldinga olib chiqdi. Bahs yakuniga yaqin Jamshid Iskanderov 11 metrlik penaltidan gol urib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng farg‘onaliklar Superliga turnir jadvalida “Paxtakor”dan 5 ochkoga ildamlab ketdi. O‘z navbatida “sherlar” ustozi uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida mag‘lubiyat sabablariga to‘htalib o‘tdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
O‘yinning sharhi va Kamoliddin Tojiyev ishtirokidagi matbuot anjumanini You Tube sahifamizga joylangan video orqali tomosha qiling.
Karim Xudoyqulov. O‘zA