Jizzaxlik tibbiyotchilar respublika musobaqasi yo‘llanmasi uchun kuch sinashdi
Jizzaxda 250 nafar tibbiyot xodimi sportning to‘rt turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilar Toshkent shahrida o‘tadigan respublika musobaqasida hudud sharafini himoya qiladi.
Jizzax politexnika instituti sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi kuboklari uchun musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda saralash bahslarida g‘olib chiqqan tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.


Bellashuvlar mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha o‘tkazildi. Jamoaviy hamkorlik va chaqqonlik talab etilgan sport turlari, shuningdek, diqqat va mantiqiy fikrlashga asoslangan bahslar ishtirokchilardan mahorat va qat’iyat talab qildi.


Musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki tibbiyot xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, hamjihatlik va jamoaviy ruhni mustahkamlashga ham xizmat qildi.

Endi viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblar respublika bosqichida Jizzax sharafini himoya qiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri