Turkiyaning “Sağlık Bilimleri” universiteti bilan memorandum imzolandi
Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — “Sağlık Bilimleri” universiteti rektori Kemalettin Aydin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari nomzodi Olimboy Halimov hamda professor, doktor Kemalettin Aydin ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tibbiy ta’lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, akademik almashinuv va xalqaro hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.
Tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, malaka oshirish tizimini takomillashtirish hamda zamonaviy tibbiy ta’lim tajribalarini amaliyotga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash, tibbiy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tashrif doirasida Kemalettin Aydin Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi bolalar klinikasida bo‘lib, u yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga klinikada bolalar salomatligini muhofaza qilish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish hamda amaliy tibbiy ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar muassasada sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.