Yakkabog‘dagi sel: vaziyat nazoratga olindi, talafotlar kuzatilmadi
Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlarida keyingi ikki-uch kundan buyon kuzatilayotgan kuchli yog‘ingarchilik ayrim hududlarda sel oqimlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada turli xabarlar tarqalmoqda. Xususan, joriy yilning 19-may kuni Yakkabog‘ tumanidagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yuz bergan sel haqidagi xabarlar jamoatchilik e’tiborini tortdi.
O‘zA muxbiri voqea joyida bo‘lib, yuzaga kelgan holatni o‘rgandi.
Sel suvlari kirgan xonadon egalari bilan suhbatda ma’lum bo‘lishicha, yog‘ingarchilik qisqa vaqt ichida kuchayib, vaziyat keskin tus olgan.
– Yomg‘ir kuchli shamol bilan boshlandi, keyin do‘l yog‘a boshladi. Uy yonidan o‘tgan soyning suvi ko‘paygach, avtomashinamni xavfsiz joyga olib chiqmoqchi bo‘ldim, ammo ulgurmadim, – deydi xonadon egasi Raup Yusupov. – Suv tez ko‘tarilib, hovliga kirib keldi. Oqim juda kuchli edi. Bir necha daqiqa ichida hovli suvga to‘ldi. Mashina ham joyidan siljib ketdi. Eng muhimi, hech kimga zarar yetmadi. Yoshim 65 dan oshgan bo‘lsa-da, bu darajadagi selni ilgari ko‘rmaganman.
Sel tasvirlari tarqalgan tikuvchilik sexida ham bo‘ldik. Sex mas’ullari sel oqimi qisqa vaqtda katta xavotir uyg‘otganini aytadi.
– Tushdan keyin soat 15:30 lar atrofida sel kela boshladi. Seximiz soy bo‘yida joylashgani uchun xodimlar qattiq qo‘rqib ketdi. Kuchli suv oqimi tashqi infratuzilmaga ham ta’sir qildi. Biroq tezkor choralar ko‘rilgani vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berdi, – deydi Shaxlo Tog‘ayeva.
Ma’lum bo‘lishicha, tumanning aholi orasida “posyolka” nomi bilan tanilgan qismida bu kabi holatlar avval ham kuzatilgan. Shu bois mutasaddi tashkilotlar bunday vaziyatlarga tayyor holatda faoliyat yuritadi.
Tuman obodonlashtirish boshqarmasi rahbari Safar Suyunovning ta’kidlashicha, kuchli yog‘ingarchilik oqibatida ichki yo‘llar va asosiy qatnov qismlariga loyqa hamda chiqindilar yig‘ilib qolgan.
– Hodisa haqida xabar olishimiz bilan tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh hududga yetib keldi. Maxsus texnikalar jalb qilinib, qisqa vaqt ichida yo‘llar tozalandi va transport harakati tiklandi. Hozirda ham o‘ndan ortiq texnika ish olib bormoqda. Zararlangan ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari ham davom etmoqda, – deydi u.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, sel oqibatida insonlar jabr ko‘rmagan.
[gallery-29539]
– Voqea haqida xabar tushishi bilan tegishli xizmatlar zudlik bilan hududga yetib bordi, – deydi Yakkabog‘ tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Rustam Eshnazarov. – Hech kim jarohat olmagan, transport harakati to‘xtatilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Avtomashinalarni suv oqizib ketmagan, kuchli oqim ularni qisman siljitgan, xolos.
Quvonarlisi, hodisa jiddiy talafotlarga sabab bo‘lmadi. Ayni paytda mutaxassislar yog‘ingarchilik kuzatilayotgan kunlarda ehtiyotkorlik choralariga qat’iy rioya qilish, ayniqsa, harakatlanish vaqtida xavfsizlik qoidalariga amal qilish hamda rasmiy ogohlantirish va tavsiyalarni inobatga olish muhimligini ta’kidlamoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari