Turkiya bilan an’anaviy hunarmandchilik sohasida hamkorlik qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Turkiyaga amaliy tashrifi Anqara shahrida davom etmoqda.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Tirik meros va madaniy tadbirlar bosh boshqarmasi Bosh direktor o‘rinbosari, doktor Serkan Emir Erkmen bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat, milliy hunarmandchilik va an’anaviy kasblarni rivojlantirish borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muloqot davomida madaniyat va an’anaviy hunarmandchilik sohalarida O‘zbekiston — Turkiya hamkorligini yanada rivojlantirish, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, an’anaviy hunarmandchilik, jumladan, xalqlarning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari va avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan boy madaniy merosining muhim qismidir. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, milliy hunarmandchilikni asrash va rivojlantirish borasidagi hamkorlik yangi bosqichda davom etmoqda.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Anqara Kamolot instituti faoliyati bilan tanishdi.Tashrif davomida delegatsiya a’zolari institutning an’anaviy sof matosini to‘qish ustaxonasini ko‘zdan kechirishdi.

Shu bilan birga, institut muzeyiga tashrif buyurilib, unda saqlanayotgan milliy hunarmandchilik namunalari va madaniy meros bilan bog‘liq eksponatlar bilan tanishildi.
Uchrashuv va tashriflar davomida an’anaviy hunarmandchilik sirlarini asrab-avaylash, ularni kelajak avlodlarga yetkazish hamda tajriba almashishning ahamiyati qayd etildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi tashriflar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida an’anaviy hunarmandchilik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA