Namanganda yangi shahar barpo etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-martda qabul qilingan “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori gi qarori asosida Namangan viloyatida “Yangi Namangan” shaharchasini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Loyiha Namangan shahri, Davlatobod va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi 1 ming 203 gektar maydonni qamrab oladi. Shaharcha qurilishi uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqich 2018–2021-yillarda, ikkinchi bosqich 2024–2026-yillarda, uchinchi bosqich 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan.
Birinchi bosqichda 114 ta turar joy binosida 3 ming 841 ta xonadon, 150 o‘rinli bolalar shifoxonasi, 990 o‘rinli umumta’lim maktabi, 360 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 30 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari foydalanishga topshirildi.
Ikkinchi bosqichda 183 ta turar joy binosida 20 ming 490 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda 89 ta uyda qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, 23 tasi bitkazildi va 2 ming 946 ta xonadon foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar yana 21 ta uy qurilib, 2 ming 719 ta xonadonni topshirish ko‘zda tutilgan.
Hududda 6 ta maktab, 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, shifoxona, sport majmualari, kutubxona, san’at galereyasi, IT-park, mehmonxona, biznes markazi hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda. Shuningdek, 58 gektar maydonda «Yangi O‘zbekiston bog‘i» tashkil etildi.
[gallery-31601]
Uchinchi bosqichda ma’muriy markaz, ko‘p qavatli turar joylar, mehmonxonalar, biznes markazlari va ofislar quriladi.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, shaharcha hududida 721 ta turar joy ob’ektida 50 mingdan ortiq xonadon, 28 ta maktab, 24 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 5 ta shifoxona barpo etilib, 200 mingdan ortiq aholi uchun zamonaviy shaharcha shakllanadi.
Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik bilan ta’minlash maqsadida umumiy quvvati 60 megavatt bo‘lgan yangi qozonxona ham qurilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA