Zamonaviy sug‘urta xizmatlarining afzalliklari
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tizim rahbar xodimlari ishtirokida sug‘urta madaniyatini yuksaltirish va moliyaviy himoya mexanizmlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “MY INSURANCE” aksiyadorlik jamiyati istiqbolli loyihalar va marketing departamenti direktori Sherxon To‘rayev hamda Navoiy viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Shokirjon Sadikov rahbarligida tashkil etildi.


Uchrashuvda “Sug‘urtaning iqtisodiy mazmuni hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki va sog‘lig‘ini turli xavf-xatarlar oqibatidagi moliyaviy yo‘qotishlardan himoya qilish mexanizmi” mavzusida atroflicha fikr almashildi. Soha mutaxassislari tomonidan sug‘urtaning bugungi bozor iqtisodiyotidagi o‘rni, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy ko‘mak va xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy sug‘urta xizmatlarining afzalliklari xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida ichki ishlar organlari xodimlarining sug‘urta sohasidagi huquqiy va moliyaviy savodxonligini yanada oshirish, kelgusida bu boradagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirish masalalari belgilab olindi.

O‘zA