Sun’iy intellekt rivojlanishi sharoitida jurnalistikaning istiqboli muhokama qilindi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda sun’iy intellekt texnologiyalarining zamonaviy jurnalistikaga ta’siri mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Muloqot davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishi va media sohasining barqarorligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, yirik texnologik platformalarning ta’siri o‘sib borayotgan sharoitida ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash masalalarini ko‘rib chiqdi.

O‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan YeXHTning Markaziy Osiyo media konferensiyasida tashkilot OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakilining «Yirik texnologik platformalar va sun’iy intellekt davrida OAV erkinligini ta’minlash» nomli qo‘llanmasiga alohida e’tibor qaratildi.
YeXHT majburiyatlari asosida ishlab chiqilgan ushbu hujjatda barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida keng muhokamalar o‘tkazish, media sohasida xilma-xillik va OAV mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek yolg‘on axborot tarqatilishining oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi qayd etiladi.

Jurnalistika sohasining istiqboli xususida fikr yuritar ekan, ishtirokchilar sun’iy intellekt ommaviy axborot vositalarining ishini yengillashtirishi, xususan kundalik vazifalarni avtomatlashtirish yoki ma’lumotlar bilan ishlashni tezlashtirishi mumkinligi, ammo jurnalist o‘rnini to‘liq bosa olmasligini qayd etdi.
Tadbir yakunida davlat idoralari, texnologik kompaniyalar, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ochiq muloqotni faollashtirish zarurligi, ommaviy axborot vositalarining kelajagi nafaqat texnologiyalar taraqqiyoti, balki insoniy qadriyatlarni saqlab qolish bilan bevosita bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi.
O‘zA